“Joriy yilning 1-yanvaridan mamlakatimizning barcha hududlarida «Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining real vaqt rejimida ishlashi belgilangan. Shundan kelib chiqqan holda inspeksiyamizda “Qurilishda sifat nazorati” axborot tizimini real vaqt rejimida olib borish yoʻlga qoʻyildi.

“Shaffof qurilish” milliy axborot xizmatining reglamenti ishlab chiqildi.Tegishli xizmatlar, qurilish – pudrat tashkilotlari bilan amaliy oʻquv seminarlari oʻtkazildi.

Shu maqsadda zarur axborot texnologiyalari, planshetlar xarid qilindi. “Gazel” rusumli avtomashinada koʻchma qurilish-sinov laboratoriyasi tashkil etilib, u zarur qurilish-oʻlchov asboblari bilan taʼminlandi. Shuningdek, inspeksiyada davlat roʻyxatidan oʻtgan qurilish obyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi shakllantirildi.1093ta qurilish obyekti raqamlashtirildi», deydi viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshligʻi R. Narziyev.

Natijada nafaqat shahar hamda tumanlar markazi, balki viloyatning eng chekka hududlarida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari sifatini ham oʻrganish, namunalarni joyida sinab koʻrish imkoniyati yuzaga keldi.

“Bu keng qamrovli yumushlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-fevraldagi «Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi va 2019-yil 20-sentyabrdagi “Qurilish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Gap shundaki, zamonaviy tizim qurilishning barcha bosqichida shaffoflikni taʼminlaydi.

Qurilishda korrupsiya bilan bogʻliq inson omili oldi olinadi.Shaharsozlik faoliyati subyektlari va qurilish ishtirokchilari oʻrtasidagi mansabdor shaxs bilan bogʻliq munosabatlarni elektron tarzda tartibga solinadi.Biz yakun topgan 2020-yilda sinov tariqasida ishlab, bu yoʻnalishda muayyan tajriba toʻpladik», deydi inspeksiyaning qurilish – montaj ishlari ustidan nazorat boʻlimi boshligʻi Jamshid Sulaymonov.

Bir soʻz bilan aytganda, inspeksiya yangi axborot platformasini toʻliq oʻzlashtirdi.Endilikda qurilishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha bajarilishi majburiy elektron yozma koʻrsatmalar tuzilib, tizimga kiritilmoqda.Ular tegishliligi boʻyicha qurilish – pudrat yoki loyihalash tashkilotining mualliflik nazoratini olib boruvchi masʼul shaxslari telefon raqamlariga xabarnoma tarzida boradi.

Yana bir afzallik tomoni shundaki, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining quyi boʻgʻinlarida faoliyat yurita oladigan, shu sohaga qiziqqan ishsiz yoshlar xavfsiz va qulay mehnat sharoitiga ega kafolatli ish oʻrinlari bilan taʼminlanadilar.

Istam Ibrohimov