Vaziyat yuzasidan viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz: Haqiqatan ham, koʻp yillik texnogen jarayonlar (issiq va sovuq iqlim, yogʻingarchiliklar va yer osti suvlarining koʻtarilishi) taʼsirida joriy yilning 30-iyul kuni Abdullaxon madrasasi orqa tomon devorining bir boʻlagi oʻpirilib tushgan.
Bu holat boʻyicha Madaniy meros agentligining viloyat boshqarmasi, Buxoro shahar hokimligi, restavratorlar va soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilib, joyida oʻrganish oʻtkazildi. Shunga koʻra, tezkor chora-tadbirlar belgilanib, Respublika Madaniy meros agentligidan vakillar jalb qilindi va Abdullaxon madrasasining orqa qismi devorining oʻpirilib tushgan boʻlagini belgilangan tartibda tegishli loyiha asosida qayta tiklash va zaruriy restavratsiya ishlarini tashkil etish boshlandi.
Shu bilan birga, Buxoroda texnogen jarayonlar oqibatida nurashi, yemirilishi va qulab tushishi ehtimoli yuqori boʻlgan 40 ta madaniy meros obyektini umumbashariy qiymatini saqlash, ularda tiklash, restavratsiya va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha olimlar, restavratorlar va malakali mutaxasislar tomonidan oʻrganishlar oʻtkazilgan holda zarur chora-tadbirlar belgilanishi haqida Hukumatga aniq takliflar yuborildi.
Bundan tashqari, holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan surishtiruv ishlari ham olib borilmoqda, deb xabar beradi Buuxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati.