“Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi ostida imtiyoz olgan tadbirkorning omboriga kirgan bojxona xodimlari kutilmagan holatga — boʻm-boʻsh xonalarga duch kelishdi, deya xabar beradi Qoʻmita axborot xizmati.

Qayd etilishicha, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida mazkur korxona 2024–2025-yillar davomida chetdan keltirilgan xom ashyodan maqsadli foydalanmagani aniqlandi.

Aslida, qiymati 232 ming dollarlik 217 tonnadan ziyod payvandlangan quvur, 48 tonnadan ortiq chiqindi, 1,2 tonna plastik vilka va 2,2 tonna kimyoviy materiallar bojxona nazorati ostida saqlanishi kerak edi. Ushbu tovarlar qayta ishlanib, tayyor mahsulot sifatida eksport qilinishi sharti bilan tadbirkor 650 million soʻmlik bojxona toʻlovlaridan ozod qilingandi. Biroq amalda bu xom ashyolar omborda mavjud emasligi bojxona rejimi shartlari qoʻpol ravishda buzilganini koʻrsatmoqda.

Bu kabi holatlar nafaqat davlat byudjetiga zarar yetkazadi, balki yashirin iqtisodiyotga yoʻl ochib, bozordagi adolatli raqobat muhitini izdan chiqaradi. Vaholanki, Oʻzbekistonda mazkur bojxona rejimidan halol foydalanayotgan tadbirkorlar soni 2025-yilda 355 nafarga yetdi.

Oʻtgan yilning oʻzida 1,6 milliard dollarlik qayta ishlangan mahsulotlar eksport qilinib, bu koʻrsatkich 2021-yilga nisbatan 8 barobarga oshdi. Imtiyozlar tufayli tadbirkorlar ixtiyorida 1,9 trillion soʻm mablagʻ qoldirildi.

2026-yilda esa eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shunday imkoniyatlar davrida berilgan imtiyozni suiisteʼmol qilish soha rivojiga toʻsiq boʻlishi shubhasiz.