Buyuk Britaniya bilan turli yoʻnalishlarda hamkorlik yanada taraqqiy ettiriladi

    Xalqaro hamkorlik 28 Noyabr 2023 1283

    Tashqi ishlar vazirligida Yevropa mamlakatlari va YEI institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshligʻi Oybek Shaxavdinov Buyuk Britaniya elchisi oʻrinbosari Stiven Anderson bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat davomida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

    Shuningdek, turli darajadagi rejalashtirilgan qoʻshma tadbirlar va tashriflarning jadvali hamda tashkiliy jihatlari koʻrib chiqildi.

    Suhbatdosh joriy yil 28-30-noyabr kunlari London shahrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston–Britaniya savdo va sanoat kengashining (UBTIC) navbatdagi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrilayotgani va ushbu tadbirda Britaniya tomonidan 300 ga yaqin kompaniyalar ishtirok etishi kutilayotganini maʼlum qildi.

    Uchrashuv yakunida turli yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada taraqqiy ettirish maqsadida doimiy ravishda muloqot oʻtkazib turishga kelishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.