Dori vositalari va tibbiy asbob-uskunalarni nazorat qilish agentligi (MHRA) molnupiravirni simptomlar boshlanganidan keyin besh kun ichida yoki COVID-19 uchun test musbat natija berganidan keyin imkon qadar tezroq foydalanishga ruxsat berdi.

Preparat Buyuk Britaniyada Lagevrio nomini oldi. O'tgan oyda o'tkazilgan tadqiqotlarga ko'ra, preparat koronavirusning og'ir turiga chalinganlarda kasallik rivojlanishi, o'lim yoki kasalxonaga yotqizilish xavfini ikki baravar kamaytirishi mumkin.

Buyuk Britaniya hukumati va mamlakatning Milliy sog'liqni saqlash xizmati (NHS) preparatga doir tavsiyalarni bemorlarga o'z vaqtida berishini e'lon qildi.

O'tgan oy Buyuk Britaniya va AQSH kompaniyasi 480 000 davolash kursi uchun molnupiravir etkazib berilishiga kelishib oldi. Kompaniya alohida bayonotda shu yil oxirigacha 10 million va 2022 yilda kamida 20 million davolash kursi uchun dori etkazishni rejalashtirayotganini aytdi. Merck har bir mamlakatning moliyaviy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, bosqichma-bosqich narxlash yondashuvini qo'llashini ma'lum qildi.

Merck avvalroq AQSH va Evropa regulyatorlariga COVID-19 tabletkalarini ishlatish uchun ruxsat olish maqsadida murojaat qilgandi. AQSH hukumati allaqachon 1,2 milliard dollarga 1,7 million davolash kursi uchun molnupiravirni oldindan sotib olgandi. Avstraliya, Singapur va Janubiy Koreya ham ushbu preparatni sotib olish bo'yicha shartnoma imzolagan.