O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) Feruza eshmatova Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchisi Tim Torlou hamda Siyosiy masalalar va jamoatchilik diplomatiyasi sektori boshlig'i o'rinbosari Maykl Baumni qabul qildi. Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo bo'lgani davlatimiz zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qat'iy bel bog'laganidan dalolatdir. SHu nuqtai nazardan uchrashuv davomida O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha Kengashiga a'zoligi doirasida 2021-2022 yillarda birgalikda amalga oshirilishi nazarda tutilgan rejalar va tadbirlar muhokama etildi.

SHuningdek, Ombudsman O'zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida Qiynoqlarning oldini olish bo'yicha milliy preventiv mexanizm doirasida odamning qadr-qimmatini erga uradigan, insoniylikka zid bo'lgan qiynoqlarning har qanday ko'rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo'l qo'yilmasligini ta'kidlagani, mazkur vazifa Davlat rahbarining Parlamentga yo'llagan Murojaatnomasida hamda 2021 yilgi “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida ham aks etganiga e'tibor qaratdi va bu borada oldida turgan vazifalarga to'xtalib o'tdi.

Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchisi Tim Torlou:

—O'zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoevning qiynoqlarni oldini olish borasidagi tashabbuslari va olib borayotgan davlat siyosatini ijobiy baholayman. CHunki hozirgi zamonaviy jamiyat va davlatda qiynoqlarga umuman joy bo'lmasligi kerak. CHunki ular inson huquqlarini fundamental buzilishiga sabab bo'luvchi omillardan biri. Buyuk Britaniyada 30 dan ortiq maxsus Ombudsmanlar bor. SHu nuqtai nazardan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili bilan suhbat davomida har ikkala davlat Ombudsmanlarining inson huquqlarini ta'minlash borasida o'zaro tajriba almashishlari  bo'yicha qator loyihalarni kelishib oldik. Qolaversa, shaxsan o'zim ham Samarqand va Farg'onadagi mintaqaviy vakillar bilan uchrashganman. Ular faoliyatini takomillashtirish, malaka oshirish, qolaversa, qiynoqlarni oldini olish borasidagi hamkorligimiz  borasida ham fikr almashdik. Bugungi uchrashuvda O'zbekistondagi Parlament Ombudsmani faoliyati, murojaatlar bilan ishlash, Milliy preventiv mexanizm doirasida o'tkazilayotgan monitoring tashriflari  bilan yaqindan tanishdim va ko'plab ma'lumotlarga ega bo'ldim.

Uchrashuv davomida 2021 yilda Ombudsman tomonidan inson huquqlarini ta'minlash borasida rejalashtirilgan tashabbuslar hamda 2020 yilda Vakil nomiga yuborilgan murojaatlar tahlili borasida ham o'zaro fikr almashildi. Uchrashuv samimiy va do'stona ruhda o'tdi.