Buyuk Britaniya harbiy delegatsiyasining tashrifi

    Harbiy 21 Sentabr 2021 1488

    Bugun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi Qurolli Kuchlari vaziri Jeyms Xippi Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov tomonidan qabul qilindi.

    Jeyms Xippiga Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligining mamlakatimizdagi elchisi Timoti Torlot hamda boshqa rasmiy shaxslar hamrohlik qilishdi.

    Uchrashuv chogʻida general-leytenant Bahodir Qurbonov Jeyms Xippini mamlakatimizga ilk tashrifi bilan tabriklab, ikki davlat oʻrtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy va harbiy sohalarda amalga oshirilayotgan aloqalarning kengayayotganini taʼkidladi. Oʻz navbatida Birlashgan Qirollik Qurolli Kuchlari vaziri doʻstona qabul uchun minnatdorchilik izhor etar ekan, kelajakda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

    Shundan soʻng Oʻzbekiston hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligi oʻrtasida harbiy taʼlim va boshqa sohalarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bitim imzolandi.

    Buyuk Britaniya delegatsiyasi kun davomida Qurolli Kuchlar akademiyasi va “Gʻalaba bogʻi” majmuasi hamda undagi “Shon-sharaf” muzeyi bilan ham yaqindan tanishdi. Yuqori martabali xorijlik mehmon Qurolli Kuchlar akademiyasida yaratilgan shart-sharoitlarga yuksak baho berdi. Gʻalaba bogʻi majmuasida esa Zulfiya Zokirovaga oʻrnatilgan yodgorlik poyiga gulchambar qoʻyib, hurmat bajo keltirdi, deb xabar beradi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.