Oʻzbekistonlik diplomatlar va Buyuk Britaniya biznes va savdo vazirligi boshqarmasi boshligʻi Luis Kolvell oʻrtasidagi muzokaralar chogʻida mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzoligi va eksport hajmini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Suhbat davomida Britaniya tomoniga 26-29-fevral kunlari Abu-Dabi shahrida boʻlib oʻtgan JSTga aʼzo davlatlar vazirlarining 13-uchrashuvi doirasida uch davlat — Yaponiya, Isroil va Dominikan Respublikasi bilan bozorga kirish protokollari imzolanganligi, shuningdek, Tailand bilan muzokaralar yakunlanganligi haqida axborot berildi.
Britaniya tomoni Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish yoʻlidagi jadal qadamlarini olqishlab, bu yoʻnalishda har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston eksportini oshirish maqsadida mamlakatimiz tadbirkorlari va britaniyalik ekspertlar ishtirokida vebinar oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.