Jahon savdo tashkilotiga yana bir qadam qoʻyildi

    Oʻzbekiston Ekvador bilan Jahon savdo tashkilotiga bozorga kirish doirasidagi ikki tomonlama muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi.

    Bu haqda Prezidentning Jahon savdo tashkiloti boʻyicha vakili Azizbek Urunov maʼlum qildi.

    «Ekvador tomoniga konstruktiv muloqot va qoʻllab-quvvatlash uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Biz bu jarayonga toʻliq ishonamiz va birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan faxrlanamiz. Ishlar davom etmoqda — oldinda JSTning yana ikkita aʼzosi turibdi», — deb yozdi Urunov.

    Bundan bir kun oldin, 6-noyabr kuni mamlakatimiz Kanada va Panama bilan ikki tomonlama bozorlarga kirish boʻyicha muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlab, tegishli protokollarni imzolagani haqida xabar bergan edik. Shunday qilib, yana ikki davlat qoldi.