Fuqaro F.B. va boshqalarning Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan norozi boʻlib yoʻllagan murojaati mutaxassislar ishtirokida oʻrganildi.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu maktab direktori V.M.O. oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda aslida maktabda ishlamagan turmush oʻrtogʻi O.A.ga ovoz berish operatori sifatida 2019-2023-yil 1-mayga qadar 47,3 mln soʻm, shuningdek, omborchi vazifasiga ishga qabul qilingan fuqaro N.E.ga 2022-2023-yil 1-mayga qadar 6,9 mln soʻm, 2014-yilda ishdan boʻshagan D.H.ga esa 2016-yilga qadar 22.9 mln soʻm ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni noqonuniy toʻlab, jami 77,1 mln soʻm byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Bundan tashqari, V.M.O. Zafarobod tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida direktor vazifasida ishlab kelayotgan oʻgʻli R.D. bilan jinoiy til biriktirib, byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish maqsadida oʻz rahbarligidagi maktab xodimlari N.Yu. va I.T.ning xabardorligisiz ularni bir vaqtning oʻzida oʻgʻli rahbarligidagi maktabda ishlaganligi toʻgʻrisida soxta hujjatlar rasmiylashtirib, 2017-2022-yillar davomida ushbu ikki xodimga majburiy ushlanmalardan tashqari jami 69,8 mln soʻm ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni noqonuniy toʻlab, umumiy hisobda 146,9 mln soʻmlik byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Oʻrganish natijasi boʻyicha toʻplangan hujjatlar joriy yilning aprel oyida Bosh prokuraturaga yuborilgan edi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Jizzax viloyati Paxtakor tumani boʻlimi tomonidan 16.06.2023-yilda Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a,” “b”, “g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.