Qarorga koʻra, birinchi darajali byudjet mablagʻlari taqsimlovchilari, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar 2025-yilda byudjet mablagʻlarini tejash va samaradorligini oshirish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrishi kerak.
Konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining oshishiga olib kelishi mumkin boʻlgan davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari hisobidan qoʻshimcha xarajatlar faqat qoʻshimcha daromad manbayi mavjud boʻlganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.
Yil oxirigacha quyidagilar boʻyicha takliflar kiritish taqiqlandi:
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining boshqaruv xodimlari ish haqi miqdorlarini oshirish (mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini oshirish bundan mustasno);
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vlositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari (taʼlim, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida foydalaniladiganlardan tashqari) xarid qilish.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari faqatgina Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda xarid qilinadi.
Byudjet tashkilotlarining 2025-yil uchun xarajatlar smetasini tuzish jarayonida mebel va ofis jihozlari hamda tovar-moddiy zaxiralarini xarid qilish xarajatlari miqdorini 2024-yilga nisbatan 10 foizga kamaytirgan holda (bogʻchalar, umumtaʼlim maktablari va sogʻliqni saqlash muassasalaridan tashqari) rejalashtirish topshirigʻi berildi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagilar qatʼiyan taqiqlandi:
- byudjet xarajatlari parametrlarini shakllantirishda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish, shuningdek, kommunal xizmatlar xarajatlari uchun mablagʻ yetishmovchiligiga yoʻl qoʻyish;
- mahalliy byudjet va uning qoʻshimcha manbalari hisobidan normativ-huquqiy asosi boʻlmagan qoʻshimcha shtat birliklarini saqlash;
- moliyalashtirish manbayi aniq boʻlmagan tadbirlarni amalga oshirish.
2025-yil 1-yanvardan tuman (shahar) byudjetlaridan mablagʻ bilan taʼminlanadigan sogʻliqni saqlash muassasalarini saqlash xarajatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjetidan moliyalashtirishga oʻtkaziladi.