Majlisda dastlab, Oliy Majlis yuqori palatasining oʻn sakkizinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar muhokama qilindi. “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, qoʻmitaning 2020-yil va 2021-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti hamda boshqa masalalar shular jumlasidandir.
“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun muhokamasida taʼkidlanganidek, hujjat sugʻurta faoliyatini tartibga solish, sohaga ilgʻor xalqaro tajribalarni joriy qilish hamda tizimdagi isteʼmolchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Qolaversa, sugʻurta turlarini koʻpaytirish va barqarorligini taʼminlash bilan mutanosib ravishda aholining sugʻurta madaniyatini oshirish ham nazarda tutilgan.
Qonunda sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari (sugʻurta tashkilotlari, sugʻurta brokerlari, adjasterlar, assistanslar, aktuariylar, syurveyerlar) huquq va majburiyatlari aniq belgilanmoqda.
Shuningdek, sugʻurta shartnomalarini elektron tarzda internet orqali tuzish jarayoni qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Mazkur hujjat endilikda sugʻurta toʻlovlarini oʻz vaqtida va toʻliq taʼminlash tizimini yaratish boʻyicha konseptual jihatdan yangi yondashuvlarni shakllantirish va isteʼmolchilarning sugʻurtaga boʻlgan ishonchini oshirishga qaratilgan boʻlib, sugʻurta shartnomalarini faqat davlat tilida tuzilishini belgilaydi.
Bundan tashqari, majlisda “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni koʻrib chiqildi.
Ushbu qonunning qabul qilinishi aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ — huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish, olis va chekka hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga ishga borish istagini bildiradigan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari sonini oshirishga xizmat qiladi.
Qolaversa, pandemiya davrida iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan sohalardan biri boʻlgan turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik imtiyozlar muddati uzaytirilmoqda. Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida belgilanadigan davlat dasturlarida ishtirok etgan fuqarolar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilish tarzidagi imtiyozlar belgilanmoqda.
Shu bilan birga, Qonunda elektr dvigateli orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalari (elektromobillar)ni sotib olish va (yoki) Oʻzbekiston hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yigʻim toʻlashdan ozod etilish nazarda tutilmoqda.
Shundan soʻng qoʻmitaning 2020-yil va 2021-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qoʻmita oʻz faoliyatida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Qonun, Harakatlar strategiyasi, Prezident farmon va qarorlari, Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomalari hamda nizomida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida muayyan ishlarni amalga oshirgan.
Xususan, qonunlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish, huquqni qoʻllash amaliyoti, parlament nazoratini amalga oshirish, davra suhbati va xalqaro anjumanlar tashkil etish yoʻnalishlarida har oyda oʻrtacha 4 tadan, jami 76 ta tadbir oʻtkazilgan.
Qonunchilik palatasidan kelib tushgan 23 ta qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, 22 tasini maʼqullash va 1 tasini rad etish toʻgʻrisidagi qoʻmita xulosalari Senat Kengashiga kiritilgan.
Vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining 4 ta hisoboti, 24 ta axboroti eshitilgan.
Hukumatga muammolarni bartaraf etish yuzasidan qoʻmita takliflari asosida parlament soʻrovlari yuborilgan.
Shuningdek, byudjet va moliya munosabatlari yoʻnalishida hisobot davrida 10 ta qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, 12 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
Pul-kredit siyosati yoʻnalishda 4 ta nazorat-tahlil tadbiri tashkil etilib, 2-marta Markaziy bank boshqaruvi raisining hisoboti eshitilib, 1 ta qonunning ijrosi boʻyicha monitoring oʻtkazilgan.
Qoʻmita tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarida islohotlarni amalga oshirish yoʻnalishida 13 ta qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan.
“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosining holati monopol tashkilotlarda oʻrganilib, tegishli rahbarlarining axborotlari eshitilgan.
Majlisda koʻrilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.