Qarorga koʻra, Sharof Rashidov tumanida, shuningdek Ohangaron tumanida tashkil etilgan charm-poyabzal kichik sanoat zonasi hududini kengaytirish orqali, charmni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan charm-poyabzal sanoati klasterlari tashkil qilinadi.
Sanoat zonalari hududida quriladigan ishlab chiqarish bino-inshootlari tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri 7-yilgacha muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan yoki ijara asosida beriladi.
Poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlarning 3 million AQSH dollaridan ortiq boʻlmagan qismi boʻyicha foiz xarajatlarining 6 foiz banddan yuqori qismi, biroq 5 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.
Xorijiy brendlarni jalb qilgan poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga “sorsing” kompaniyalari uchun sarflangan xarajatning 30 ming AQSH dollarigacha qismi qoplab beriladi.
Sanoat zonalarida tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etiladi.