Qarorga muvofiq, 2026-yilgacha charm-poyabzal, jun va moʻynachilik eksporti 2,8 baravarga koʻpaytiriladi.

Tuman (shahar)larda terini qayta ishlashga hamda tayyor charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil qilinadi.

Kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun 2022-2023-yillarda 90 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.

Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalaridagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun banklarga 60 mln AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasi ochiladi.

Banklar tadbirkorlarga yangi uskuna va texnologiyalarni olish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatgacha 5 foiz stavkada kreditlar ajratadi.

Qarorga koʻra, charm-poyabzal, moʻynachilik sohasi korxonalari va chorva mollarini soʻyish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.

2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha quyidagilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz undiriladi:

yalpi tushumda bolalar, ayollar va sport poyabzallari, sunʼiy (eko) charm, furnitura, poyabzal qoliplari va tagliklari tushumning kamida 60 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar;

yalpi tushumining umumiy hajmida poyabzallar, charm-attorlik mahsulotlari va moʻynadan tayyorlangan buyumlar eksportidan tushgan tushumning hajmi 80 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar.