Muzokaralar davomida Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Davlat chegarasi loyiha chizigʻining chegaraning oxirgi tartibga solinmagan uchastkasidan oʻtishi toʻgʻrisidagi Bayonnoma hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasidagi “Chashma” bulogʻidan birgalikda foydalanish toʻgʻrisidagi Bitim loyihasining asosiy shartlari tasdiqlandi.
Tomonlar “Chashma” bulogʻi Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi xalqlarining umumiy boyligi ekanini alohida taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining ushbu buloqdan erkin va toʻsiqsiz foydalanishi, oʻzbek tomoni buloqning uchdan ikki qismidan foydalanishini taʼminlash hamda manbaning suv resurslari hajmi va sifatiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan har qanday xatti-harakatlarni oʻzbek tomoni bilan muvofiqlashtirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tomonlar doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik ruhida ikki mamlakat fuqarolarining “Chashma” bulogʻidan toʻlaqonli foydalanishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday chora-tadbirlarga yoʻl qoʻymaslikka kelishib oldi.
Tomonlar Oʻzbekiston qisqa muddat ichida Respublikasi Hukumati va Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻrtasida “Chashma” bulogʻidan birgalikda foydalanish toʻgʻrisida bitim hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi Davlat chegarasi uchastkasi toʻgʻrisida shartnomani muvofiqlashtirish va imzolashga kelishib oldi.
Muzokaralar davomida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasi orqali ayrim oʻtkazish punktlarning holati va ish tartibi boʻyicha umumiy pozitsiyalar ham kelishib olindi. Oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasi orqali fuqarolarning qatnovi va yuk tashishlarini sezilarli darajada yengillashtirishga yordam berayotgan oʻtkazish punktlari boʻyicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish yuzasidan oʻtkazilayotgan ikki tomonlama muzokaralarga yuqori baho berildi.
Ikki mamlakat fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2004-yildagi Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Davlat chegarasidagi oʻtkazish punktlari toʻgʻrisidagi bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi bayonnomani imkon qadar tezroq imzolash muhimligi qayd etildi.
Tomonlar tez orada ikki mamlakat vakolatli organlari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining uchrashuvini oʻtkazishga kelishib oldi.
Qabul qilingan qarorlar ikki qardosh davlatlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasidagi Davlat chegarasini doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, tinchlik va hamjihatlik chegarasiga aylantirish yoʻlidagi saʼy-harakatlariga toʻla mos keladi.
Muzokaralar yakuni boʻyicha tegishli Bayonnoma imzolandi.
Uchrashuv har doimgidek amaliy va doʻstona ruhda oʻtdi.