ChatGPTʼdan diniy savollarga javob olish joiz emas — Musulmonlar idorasi

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolariga koʻra, inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot, yaʼni sunʼiy intellekt diniy savollarga toʻgʻri javob berishga ojizlik qiladi.

    Markaz ushbu mavzudagi savolga quyidagicha javob berdi.

    Yoʻq, bu joiz emas. Toʻgʻri, ChatGPT platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga toʻgʻri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, baʼzan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois sharʼiy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor, — deyiladi markaz javobida.

    Markaz musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, oʻsha sohaning “zikr ahli“dan oʻrganishi lozim ekanini qayd etdi.

    Shunday ekan, eʼtiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan soʻrash talab etiladi, — deyiladi Fatvo markazi javobida.