Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi va yuksak e’tibori tufayli buyuk muhaddis, islom olamining bebaho ma’naviy merosini yaratgan ulug‘ ajdodimiz Imom Buxoriy hazratlarining yuksak maqomi va beqiyos salohiyatiga munosib ravishda muhtasham va zamonaviy majmua qaytadan bunyod etildi. Bu muqaddas maskan nafaqat yurtimiz, balki butun islom dunyosi uchun ma’naviy ziyo manbai, ruhiy kamolot timsoli sifatida qad rostladi.
Erta tongdanoq qalbi ezgu niyatlar, pok orzu-umidlar bilan to‘lgan yurtdoshlarimiz ushbu tabarruk ziyoratgoh sari intilib, uning fayzidan bahramand bo‘lish maqsadida tashrif buyurishdi. Bu maskandagi har bir qadam, har bir nafas inson qalbiga taskin, ruhiga poklik bag‘ishlaydi.
Mamlakatimiz yetakchisining bevosita ko‘rsatmalari asosida amalga oshirilgan ushbu ulkan bunyodkorlik ishlari ajdodlar merosiga bo‘lgan yuksak ehtirom ramzi. Boy ma’naviy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lidagi mustahkam irodaning yorqin namunasidir. Bu majmua shubhasiz asrlar davomida ilm-ma’rifat, ma’naviyat va tarbiya o‘chog‘i bo‘lib xizmat qiladi. Millionlar qalbiga ezgulik urug‘larini qadaydi.
Bugun ushbu muborak maskandagi yangi va muhtasham 10 ming sig‘imga ega bo‘lgan masjidda birinchi bor hayit namozini ado etish maqsadida yurtdoshlarimiz jam bo‘lishdi. Bu yilgi Ramazon oyi tarixiy voqealarga boy bo‘lgani, xususan, Davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xayrli islohotlar, xayru saxovat ishlari va Iydul Fitrning fazilatlari suhbatlarning asosini tashkil etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan ulamolar, bosh imom-xatiblar, nuroniylar, minglab yurtdoshlarimiz mahobatli masjidda Hayit namozini ado etishdi.
Duolar ijobat bo‘ladigan saodatli lahzalarda Muftiy hazratlari boshchiligidagi jamoat Haq taolodan butun olamga tinchlik-omonlik, yurtimizga qut-baraka va xalqimiz farovonligini so‘rab duoyu iltijo qildilar.