Ma’lumki, so‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab raqamli qurilmalardan foydalanish ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshgan. Shaxsiy smartfoniga ega bo‘lmagan odamni kam uchratasiz. Bolalarning raqamli muhitga erta kirib kelishi kuzatilmoqda. Albatta, buni foydali tomonlari bilan birga zararli jihatlari ham bor.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolaning telefon, noutbuk yoki kompyuter ekraniga, turli bo‘lar-bo‘lmas materiallar-videolar tomoshasiga mukkasidan ketishi uning nutqi va tafakkuri rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Fikrlash, jonli muloqot qilish imkoniyatlarini pasaytiradi. Natijada ayrim bolalarda so‘z boyligi yoshiga yarasha bo‘lmaydi, diqqatni bir joyga jamlashi qiyinlashadi, bunday o‘g‘il-qizlarga fanlarga doir bilimlarni tushuntirish oson kechmaydi.

– Besh nafar bola katta qilganmiz, to‘g‘ri, u paytlari internet, ijtimoiy tarmoqlar hozirgidek rivojlanmagandi, – deydi zangiotalik Farhod G‘offorov. – Telefon, kompyuter, ijtimoiy tarmorqlarsiz o‘sgan farzandlarim ko‘proq vaqtini maktab darsliklarini o‘qishga sarfladi. Ko‘chada tegdoshlari bilan o‘ynab, sog‘lom katta bo‘ldi. Bugun texnika rivojlangan davrda yashayapmiz. Ayni kungi bolalarning ota-onalari ham raqamli texnologiyalar muhitida ulg‘aygan Z avlod vakillari. Demakki, hozirgi o‘g‘il-qizlarimiz qoniga vertual olamga moyillik singgan. Bu – tabiiy, texnologiyalar rivojlanishi bilan bog‘liq jarayon. Eng yomoni, tinchimizni o‘ylab hatto 1-5 yoshli go‘daklar qo‘liga ham telefon tutamiz. Smartfon jajjilarimizni tinchlantiruvchi, chalg‘ituvchi vositaga aylangan. Ko‘pchiligimiz uchun kichkintoylarimiz yig‘lamasa, zerikmasa, bizga xalaqit bermasa bo‘ldi. Ammo bularning ortida katta muammolar yashiringani haqida hammamiz har doim ham o‘ylayvermaymiz.

Yaqinda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova O‘zbekistonda 16 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qonunchilik asosida cheklash rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u bolalardan telefonni to‘liq olib qo‘yishning imkoni yo‘qligini, biroq undan foydalanish madaniyatini shakllantirish zarurligini ta’kidlab, “Hozir texnika asri, bolalarimizdan telefonlarni yulib ololmaymiz. Albatta, telefon kerak. Ammo undan foydalanish madaniyati va me’yori ham bo‘lishi zarur. O‘quvchining maktabga kirishdan oldin telefonini qoldirishga oid buyruq chiqqan va odob-axloq qoidalari ham mavjud. Lekin bu qoidalar qayerdadir ishlaydi, qayerdadir esa ishlamaydi. Buni endilikda qattiq nazoratga olib, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni qonun bilan cheklamoqchimiz”, dedi u.

Anglashilishicha, mazkur tashabbus deputatlar va senatorlar bilan muhokama qilingan. Yaqin vaqt ichida tegishli qonun loyihasini tayyorlash va uni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

– Bu – o‘z vaqtida ko‘tarilgan yaxshi tashabbus, – deydi Toshkent viloyatidagi 44-maktab o‘qituvchisi Zulfiya Karimova. – Buni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Biz o‘quvchilarni maktabdagi darslar hamda turli to‘garaklarga qatnashish jarayonlarida ularning diqqatini jalb qilishimiz zarur bo‘ladi. Sir emas, hozirgi kunda o‘g‘il-qizlarimizda chalg‘ish kuzatiladi. Shu ma’noda, jamoatchilikka taqdim etilishi kutilayotgan, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarimizni ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni chaklashga oid qonun loyihasining muhokamaga qo‘yilishi e’tiborga molik. Buni hammamiz to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Cheklash – mahrum qilish degani emas. O‘ylaymanki, ushbu qonunning qabul qilinishi farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.

X. Salimov,

jurnalist