Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston fuqarolari Chernogoriya hududidan Vatanga qaytishda yordam soʻrab Elchixonaning konsullik boʻlimiga murojaat qildi.
Murojaatchilarning maʼlumot berishicha, ularning mehnat munosabatlari Chernogoriyadagi ish beruvchi bilan bir tomonlama tugatilgan, oqibatda ular yashash uchun mablagʻsiz qolgan.
Maʼlum qilinishicha, avvalroq ularga ishga joylashish vaʼdasi bilan ishchi vizasi rasmiylashtirilgan. Shundan soʻng ular Chernogoriyaga yetib borgan va qurilish sohasida ish boshlagan.
Keyinchalik, ish beruvchi boshqa chet ellik xodimlarni ular uchun noqulay shartlarga jalb qilgan. Shundan keyin vatandoshlar bajarilgan ishlarning qoniqarsiz sifati bahonasida ishdan chetlatilgan. Shu bilan birga, amaldagi shartnoma majburiyatlariga qaramay, ularga oxirgi oy uchun ish haqi toʻlanmagan.
Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda, Elchixonaning konsullik boʻlimi tomonidan Mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash va yordam jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moddiy yordam koʻrsatish masalasini ishlab chiqish maqsadida Migratsiya agentligi bilan ishchi aloqalar oʻrnatildi.
Belgilangan chora-tadbirlar natijasida hamyurtlarga aviachiptalar xarid qilinib, Oʻzbekistonga qaytarildi.