Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda batafsil muhokama qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasida shu kungacha koʻpchilikni qiziqtirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yurtimizdagi asosiy huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari, shuningdek,siyosiy boshpana berish masalalari aniq normalarda aks ettirilmoqda.

Bugungi kunda bu sohada qonun darajasiga ega boʻlmagan 25 dan ortiq tartibga soluvchi hujjatlar mavjud boʻlib, bularning hammasi yaxlit qonunda oʻz aksini topmoqda.

Har qanday chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs biror bir davlatga sarmoya kiritish, turizm, mehnat faoliyatini yuritish, taʼlim olish yoki boshqa maqsadlarda bormoqchi boʻlsa, oʻzining oʻsha yurtda qonun bilan belgilangan huquqlari, erkinliklari va majburiyatlarini bilishni istaydi.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yurtimizdagi huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yagona hujjatdan bilib olish imkoniyatini yaratadi.

Loyihada Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarosining va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasi hamda chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish (undan chiqish) va uning hududida boʻlish huquqini beruvchi harakatlanish hujjatlari tushunchalari kiritilmoqda.

Taklif etilayotgan ushbu hujjatda 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan “Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida”gi Xalqaro paktning va 1961-yil 14-apreldagi “Diplomatik aloqalar toʻgʻrisida”gi Vena Konvensiyasining qoidalari hisobga olingan.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning xalqaro hujjatlar bilan belgilangan asosiy huquq va erkinliklari milliy qonunchilikda oʻz ifodasini topishi natijasida, yurtimizga xorijdan yuqori malakali mutaxassislarning, investorlarning hamda sayyohlarning oqimi ortishiga zamin yaratadi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.