Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati mazkur sohaga oid muhim savollarga javob olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Shavkat XOʻJAQULOVga murojaat qildi:
— Bugungi kunda yurtimiz yoshlari qoʻshni mamlakatlardagi oliy taʼlim muassasalarida asosan qaysi yoʻnalishlar boʻyicha tahsil olmoqda?
— Oliy taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida keyingi yillarda yurtimizda oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalari sezilarli darajada ortdi. Biroq tan olish kerak, bu qamrov hali umumiy ehtiyojni qondirish uchun yetarli emas.
Tabiiyki, bunday sharoitda koʻpchilik yoshlar oliy maʼlumotli boʻlish uchun xorijiy davlatlarda tahsil olish imkonini izlaydi.
Ayni paytda Taʼlim inspeksiyasi bu kabi yurtdoshlarimizga oʻrnatilgan tartibda qonuniy yoʻllarni taklif qilish bilan bir qatorda abituriyentlarni chet elga taʼlim olish maqsadida borib, aldanib qolmasliklari uchun imkon qadar yetarli maʼlumot berishga harakat qilmoqda.
Qoʻshni mamlakatlarga oʻqish uchun borayotgan yoshlar asosan pedagogika va tibbiyot yoʻnalishlarini tanlamoqda.
Shu bilan birga, muhandislik, ishlov berish, qurilish, huquqshunoslik yoʻnalishida taʼlim olayotgan yoshlar ham talaygina.
— Xorijiy davlatdagi oliy taʼlim muassasasining diplomi qanday holatlarda Oʻzbekistonda tan olinadi?
— Avvalo, oʻquv yurtining oliy taʼlim muassasasi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat beruvchi hujjati, yaʼni litsenziyasi boʻlishi lozim.
Shu bilan birga, taʼlim muassasasi tomonidan beriladigan diplom oʻzi joylashgan mamlakat hududida tan olinishi shart.
Buning uchun esa oliy taʼlim muassasasi va uning taʼlim dasturlari vakolatli organlar tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan boʻlishi zarur.
Shuningdek, yurtimizda amaldagi taʼlim tizimiga mos ravishda bakalavriat bosqichida kamida 3 yil, sirtqi taʼlimda kamida 4 yil, magistraturada esa kamida 1 yil muddat taʼlim olgan talabgorlarning diplomlari yurtimizda tan olinishi muammosiz hal etiladi.
Biroq xorijiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat berilgan davlatda uning egasiga Oʻzbekistondagiga qaraganda taʼlim olish va (yoki) kasbiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun kam huquqlar berilgan, bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi qoʻshib oʻqitiladigan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olganda umumiy oʻqish davri uch yildan kam boʻlsa, maʼlumot Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan taʼlim shaklida olingan boʻlsa bunday hollarda xorijiy oliy taʼlim muassasasi diplomi mamlakatimizda tan olinmaydi.