— Chet elda koronavirusga qarshi emlanganlar Oʻzbekistonga kelganida ham vaksinatsiyasiya jarayoniga jalb qilinadimi?
— Chet elda emlanib, emlanganlik sertifikatini olgan fuqarolar Oʻzbekistonda emlanishi shart emas. Bunday holatlarda tibbiyot muassasalari xodimlariga mazkur sertifikat taqdim etiladi va fuqaro emlanganlar roʻyxatiga kiritiladi.
Xorijda vaksina qabul qilgan fuqarolar 2 yoki 3 bosqichli emlashdan toʻliq oʻtganlaridan soʻnggina emlanganlik sertifikatini oladilar. Baʼzi davlatlarda sertifikat oʻrniga maʼlumotnoma beriladi. Bu maʼlumotnomada emlashning barcha bosqichidan toʻliq oʻtgan yoki oʻtmaganlik toʻgʻrisida yozuvlar kiritilgan boʻladi. Bu hujjat tibbiyot xodimlari tomonidan oʻrganib chiqilgach, mazkur fuqaroni emlash boʻyicha xulosa qilinadi.
Agar fuqaro chet elda ham mamlakatimizda qoʻllanilayotgan vaksina bilan emlanishni boshlagan boʻlsa, keyingi bosqichlarni yurtimizda davom ettirishi mumkin.
— Emlashdan oldin antitela uchun test topshirish shartmi?
— Emlanishga qadar inson organizmida antitanachalar bor-yoʻqligini aniqlash va emlangandan soʻng qanday oʻzgarish boʻlganini solishtirish va nazorat qilish maqsadida test oʻtkazilishi mumkin. Bu kabi tekshiruvdan ixtiyoriy ravishda fuqarolarning oʻzlari oʻtishlari ham mumkin. Yoki vaksinalarning 3-bosqich klinik tadqiqotlarida ishtirok etayotgan davrda oʻtkazilishi mumkin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.