Chet elliklarni vaqtinchalik roʻyxatga olish boʻyicha talablar soddalashtiriladi

    Ijtimoiy hayot 1 Fevral 2023 2174

    Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi soddalashtiriladi.

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-yanvardagi “Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentyabrdagi 593-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi 35-son qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan chet el fuqarolarini migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlari, joylashtirish vositalari yoki davolash muassasalarida vaqtincha roʻyxatga olish uchun yagona muddat oʻrnatilyapti – 3 kun ichida.

    Shuningdek, mamlakatda boʻlish qoidalarini buzgan, shuningdek, boshqa qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasasida vaqtincha roʻyxatga olishni faqat ichki ishlar organlaridan ruxsat olingandan keyin amalga oshirish tartibi bekor qilinyapti. Endilikda bunday huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻygan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni joylashtirish vositalari va davolash muassasalarining maʼmuriyati, xususiy uy-joy egalari hududiy ichki ishlar organlariga “E-mehmon” dasturi orqali xabar bergan holda joylashtiradi, deb xabar beradi “Norma”.