Til – shunchaki muloqot vositasi emas, balki milliy o‘ziga xoslikning ajralmas qismidir. Har bir xalqning tili uning qadriyatlari, urf-odatlari va dunyoqarashini o‘zida aks ettiradi. Masalan, turli tillarda ba’zi tushunchalarning mavjudligi yoki aksincha, umuman bo‘lmasligi o‘sha jamiyatning hayot tarzi va madaniy merosi bilan chambarchas bog‘liq. Shu sababli, chet tilini o‘rganish jarayonida shu tilga xos madaniy jihatlarni ham o‘zlashtirish nafaqat tilni yaxshiroq tushunishga, balki millatlararo muloqotni samarali olib borishga ham yordam beradi. Bu ayniqsa xalqaro aloqalar, diplomatiya, biznes va ta’lim sohalarida muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonlik yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani ham ularning dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan, til o‘rganish jarayonida milliy madaniyatni anglash nafaqat bilim olish jarayonini tezlashtiradi, balki insonning madaniyatlararo muloqot qobiliyatini ham oshiradi.

O‘zbekistonda chet tillarni o‘rganish bo‘yicha maxsus dasturlar va markazlar yo‘lga qo‘yilgan. Xorijiy tillarni amaliy o‘rganish uchun O‘zbekistonda maxsus yozgi lagerlar tashkil qilinmoqda. Masalan, Samarqand yoki Xivada chet ellik volontyorlar ishtirokida til lagerlari tashkil qilinib, talabalar tabiiy muhitda ingliz yoki fransuz tilida gaplashish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda Fransiya elchixonasi tomonidan tashkil etilgan "Alliance Française" markazi fransuz tilini o‘rganuvchilarga nafaqat til, balki fransuz madaniyati, san’ati va tarixi bo‘yicha darslar ham taklif qiladi. Shuningdek, Toshkentdagi Gyote instituti nemis tilini o‘rganayotganlarga Germaniya madaniyatiga oid filmlar, kitoblar va suhbat klublarini taqdim etmoqda.

Xitoy tilini o‘rganayotgan talabalar uchun bu tildagi murakkab iyerogliflar va qadimiy falsafiy tushunchalar jiddiy ahamiyatga ega. Xitoy tili madaniyat bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ba’zi so‘zlarning ma’nosi tarixiy va diniy kontekstda yotadi. O‘zbekistonlik yoshlar orasida xitoy tiliga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Shu maqsadda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘magida Toshkentda CCN Uzbekistan Xitoy tili markazi ochildi. Markaz o‘z metodologiyasini ishlab chiqib, noyob kurslarni yaratdi. Bu yerda Xitoyda muvaffaqiyatga erishgan O‘zbekistonning eng yaxshi o‘qituvchilari dars o‘tishadi. O‘quvchilarimizning o‘rtacha bahosi bir yillik mashg‘ulotlardan so‘ng 4,8 ga to‘g‘ri keladi, bu esa Xitoy tilini o‘rganishda samarali yondashuv natijasi hisoblanadi.

Har bir til xalqning tarixiy tajribasi, urf-odatlari va qadriyatlarini aks ettiradi. Chet tilini o‘rganish jarayonida madaniyatni o‘rganish tilni yanada chuqurroq tushunishga olib keladi. Quyidagi misollar bu bog‘liqlikni yaqqol namoyish etadi:

Yapon madaniyatida hurmat tushunchasi

Yapon tilida murojaat shakllari odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy mavqega bog‘liq. Masalan, ish joyida yoki rasmiy vaziyatlarda "san" (janob/xonim) yoki "sama" (katta hurmat) qo‘shimchalari ishlatiladi. Bu esa yapon jamiyatining odob-axloq qoidalariga asoslangan hurmat madaniyatini aks ettiradi. O‘zbekistonlik talabalar Yaponiya universitetlariga o‘qishga borganlarida, dastlab rasmiy gapirish uslubi va insonlar orasidagi masofani saqlash odatlariga ko‘nikishda qiynalishadi, biroq tilni chuqurroq o‘rgangan sari bu qoidalarni tushunib, madaniyatga moslashadilar.

Ingliz tilidagi mustaqillik tushunchasi

Ingliz tilida "personal space" (shaxsiy hudud) va "privacy" (shaxsiy hayot) tushunchalari muhim o‘rin tutadi. Masalan, Britaniyada mehmonlar kelganda ular odatda uy egasining ruxsatisiz xona yoki oshxonaga kira olmaydi. O‘zbekistonliklar uchun bu odat dastlab g‘alati tuyulishi mumkin, chunki bizda mehmon mehmonxona, hatto oshxonaga bemalol o‘tishi odatiy hol sanaladi. Ingliz tilini o‘rgangan va ushbu madaniyatni tushungan odam bu kabi tafovutlarga tezda moslasha oladi.

Fransuz madaniyatida san’at va estetikaga e’tibor

Fransuz tilini o‘rganayotgan talabalar bu tilning nozik talaffuzi va ohangidan tashqari, san’at, moda va gastronomiya bilan chambarchas bog‘liqligini ham tushunishlari kerak. Masalan, Parijda ta’lim olgan o‘zbekistonlik talabalar fransuzlarning har qanday so‘zlashuvda san’at va adabiyotga murojaat qilishlarini kuzatishadi. Agar suhbat davomida Viktor Gyugo, Molyer yoki Luvr muzeyi haqida gap ketsa, suhbatdosh madaniy jihatdan yaxshi saviyaga ega deb hisoblanadi.

Chet tilini o‘rganish jarayonida madaniyatni o‘rganish faqatgina til bilish darajasini oshirish emas, balki millatlararo muloqotni yaxshilashga ham xizmat qiladi. Quyidagi usullar bu yondashuvning samaradorligini tasdiqlaydi:

Sayohat va immersiya tajribasi

Kanadada fransuz tilini o‘rganish: Kanada fransuz tilini o‘rganish uchun ajoyib joylardan biri bo‘lib, talabalar Monreal yoki Kvebekda yashab, bu tilda muloqot qilish orqali uni tez o‘zlashtirishadi.

Janubiy Koreyadagi "English Village" (Ingliz qishloqlari): Koreyada faqat ingliz tilida gaplashiladigan maxsus joylar tashkil qilingan bo‘lib, talabalar shu yerda bir necha hafta yashab, til muhitiga to‘liq sho‘ng‘ishadi.

Xitoyda til amaliyoti dasturlari: O‘zbek talabalari Konfutsiy instituti orqali Xitoy universitetlariga borib, haqiqiy til muhitida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

Kitob va filmlar orqali o‘rganish

Ingliz tilini o‘zlashtirishda Shekspir asarlarini o‘qish orqali talabalar nafaqat til, balki Britaniya madaniyati va tarixini tushunishlari mumkin.

Rus tilini mukammal o‘rganishda Dostoyevskiy yoki Tolstoy asarlarini o‘qish orqali rus xalqining mentalitetini chuqurroq anglash mumkin.

Xitoy tili o‘rganuvchilarida Xitoy falsafasini tushunish uchun Konfutsiy va Lao Szi ta’limotlarini o‘rganish talabalar uchun juda foydali bo‘lishi mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, til va madaniyat bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, o‘rganilayotgan xalqning tarixini, qadriyatlarini va hayot tarzini tushunish orqali tilni tez va samarali o‘zlashtirish mumkin. Shuning uchun chet tilini o‘rganishda kitoblar, filmlar, sayohatlar va immersiya tajribalaridan keng foydalanish tavsiya etiladi. Madaniyat orqali til o‘rganish nafaqat bilim olish, balki dunyoqarashni kengaytirish va xalqaro muloqotda muvaffaqiyatga erishish uchun muhim vositadir.

 

 

 Mustafoyeva Noila,

 Toshkent davlat yuridik universiteti

Xorijiy tillar kafedrasi dotsent v.b.