Chet tillarni chuqur oʻrganish xalqaro maydonga keng yoʻl ochadi

    Fikr 9 May 2021 3116

    Joriy yil 6-may kuni Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼlim muassasalarida chet tillarni oʻqitish sifatini yana-da rivojlantirish yoʻlidagi juda dolzarb va muhim masalalar muhokama qilindi.

    Davlatimiz rahbari sohadagi mavjud yutuq va kamchiliklar xususida soʻz yuritar ekan, xorijiy tillarni oʻrgatish boʻyicha yangi tizimning mustahkam poydevorini yaratish topshirigʻini ­berdi.

    Xalq taʼlimi tizimidagi maktab­larda, afsuski, yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarimiz bor. Ularning asosiylariga yechim sifatida oʻqituvchilarning chet tillarni bilish salohiyati va malakasini oshirish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun, birinchi navbatda, ragʻbatlantirish mexanizmi ishlab chiqiladi.

    Bugun ayrim maktablarda chet tillarni oʻqitish sifati qoniqarsiz va bu ­Prezidentimiz tomonidan oʻrinli tanqid qilindi. Xususan, 1 400 ta maktabda chet tilni oʻqitish sifati yaxshi emasligi, maktablardagi 11 ming oʻqituvchidan 49 foizi testdan oʻta olmagani ­buning yaqqol dalilidir.

    Mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida chet tillarni chuqur oʻrgatish uchun tuman va shaharlarda 207 ta maktab tanlab olindi. Ularda xorijiy adabiyotlar, ilgʻor oʻquv dasturlari va metodikalaridan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilda oʻqitish yoʻlga qoʻyilishi, viloyat hokimliklariga maktablarda chet tilni oʻqitish sifatini oshirish uchun mahalliy byudjetdan har bir tuman va shaharga 1 milliard soʻmdan mablagʻ ajratilishi belgilangani til oʻrgatishda juda muhim qadam boʻladi.

    Ixtisoslashgan maktablar va oliy oʻquv yurtlariga til egasi boʻlgan xorijlik oʻqituvchilarni jalb qilish, har bir tumanda tanlov oʻtkazib, chet tili oʻqituvchilarini xorijda malaka oshirishini yoʻlga qoʻyish muhimligi aytildi.

    Darhaqiqat, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yurtimizda xorijiy tillarni oʻrgatish boʻyicha kelajak uchun mustahkam poydevor boʻladigan yangi tizimni yoʻlga qoʻyish vaqti-soati keldi. Buning uchun maktab, litsey, kollej va oliy oʻquv yurti bitiruvchilari kamida ikkita chet tilni mukammal bilishi zarur. Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilayotgani juda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur agentlik oldiga katta vazifalar belgilab berildi. U dunyoda samarali natija bergan oʻqitish metodikalari, das­tur va darsliklarini taʼlim tizimiga joriy etib, xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirishga koʻmaklashadi. Taʼlim muassasalari, tarmoqlar va hududlar ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilni oʻrgatishni tashkillashtiradi. Shuningdek, vazirlik, idora va boshqa ish beruvchilar bilan birga xizmatchilarning kasbiy faoliyatini xorijiy tillarda toʻliq amalga oshirish imkoniyatini beradigan metodikalarni ishlab chiqib, sharoitga moslagan holda amaliyotga tatbiq etadi. Davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikalarini yaratish ham uning asosiy vazifalaridan biri boʻladi. Agentlik xorijiy tillarni bilish reytingini yuritgan holda chet tili oʻqituvchilari uchun malaka talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqadi.

    Chet tili sertifikati uchun imtihonlarni topshirish — bu ham pul. Davlatimiz rahbari agar oʻqituvchi yuqori darajadagi IELTS oladigan boʻlsa, buning ham xarajati davlat tomonidan qoplab berilishini bildirdi.

    Bir soʻz bilan aytganda, endilikdan “bogʻcha — maktab — oliy taʼlim — korxona” zanjiri boʻlishi orqali aholining barcha qatlamiga mos boʻlgan metodika, tavsiya va darsliklar ishlab chiqiladi.

    Oʻqituvchilarga munosib sharoitlar yaratish, malakasiga qarab ragʻbatlantirish, xalqaro sertifikatning dastlabki va oʻrta darajasini olganlar oylik maoshiga 40 foiz, yuqori natija koʻrsatganlarga 50 foiz ustama berilishi bilim va taʼlim berish sifat koʻrsatkichlari oshishida ijobiy natija koʻrsatadi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan har bir shahar, tuman hokimlariga ham chet tili oʻqituvchilariga eʼtibor qaratish, chet tilni oʻrganish muhitini yaratish boʻyicha katta vazifa qoʻyildi. Qaysi viloyat yoki tuman hokimi xalq taʼlimi mutasaddilarini tushunib, ularga koʻmak berayotgan boʻlsa, oʻsha tumanda ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganini koʻrib, kuzatib turibmiz. Tuman, shaharlardagi ingliz va boshqa chet tili oʻqituvchilaridan eng yaxshi ikki nafarini mahalliy byudjet hisobidan xorijiy stajirovkaga joʻnatish belgilandi. Maktablar boʻyicha alohida tanlovlar oʻtkazilishi vazifasi qoʻyildi, ular tuman, viloyat va res­publika darajasida gʻolib boʻlsa, oʻsha maktabga 500 million soʻm beriladi.

    Bundan buyogʻiga davlat muassasalarida hammaga lavozimiga qarab til darajasini bilish talablari qoʻyiladigan boʻldi. Chunki tahlil qiladigan boʻlsak, dunyoda aholisi chet tilni yaxshi biladigan davlatlar iqtisodiyot, investitsiya masalalarida yetakchi ekanini koʻrish mumkin.

    Yigʻilishda tahlil qilingan muammolar va belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida kelgusi 3 yil davomida maktablardagi chet tili oʻqituvchilarining sifat koʻrsatkichlarini yaxshilash, koʻrsatkichi yaxshi boʻlgan maktablarni ragʻbatlantirish oʻzining ijobiy natijasini berishi shubhasiz.

    Sherzod ShERMATOV,

    xalq taʼlimi vaziri