Ta’kidlanishicha, 28 tup shumtol va 1 tup zarang daraxti Toshkent Botanika bog‘i mutaxassisi hamda tuman Ekologiya bo‘limi mas’ullarining 2023-yil 14-sentabrdagi xulosasiga asosan quriganligi sababli kesilgan.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, mazkur daraxtlar 2021-yilda polietilen plyonka bilan yopib chiqilgani sabab qurib qolgan. 2022-yilda holat o‘rganilib, prokuratura organlariga quriganlik holati bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shu yilning avgust oyida ichki ishlar organlariga surishtiruvga berilgan. 2022-yilning sentabr oyida esa hujjat tugatilgan.
Joriy yilning may oyida yog‘ingarchilik va shamol tufayli Lutfiy ko‘chasidagi qurigan daraxtlardan biri qulab tushgan va yo‘l yopilib, aholiga va yo‘lovchilarga ancha noqulaylik keltirib chiqargan. Lutfiy mahallasi aholisidan esa qurigan va yo‘lovchilar hayoti uchun xavfli bo‘lgan daraxtlarni kesib olib tashlash hamda o‘rniga boshqa o‘simliklar ekish bo‘yicha murojaatlar ham kelib tushgan. Shularni inobatga olgan holda daraxtlarning holati o‘rganilib, rostdan ham qurib qolgani aniqlangan 29 ta daraxt kesilgan.
Daraxtlar kesilgan hududda 30 ta daraxt hamda 1020 ta buta ekilishi rejalashtirilgan.
Mazkur holat bo‘yicha bugungi kunda Bosh prokuratura tomonidan avvalgi holat hamda xulosa berilishi holatlariga huquqiy baho berish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.