Aniqlanishicha, Andijon viloyatida yashovchi, 1994-yilda tugʻilgan, muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan ikki marotaba sudlangan shaxs (J.T.) va uning sheriklari fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, ularni goʻyoki Uzum Market savdo ilovasining “yutuqli oʻyini” gʻolibi boʻlgani haqida yolgʻon maʼlumotlar bergan. Ular “sovgʻa” uchun toʻlov fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan vaqtincha Alhikma Ilm MCHJga oʻtkazilishini, keyinchalik esa ushbu mablagʻlar ularning korxonasi tomonidan qoplab berilishini vaʼda qilib, jabrlanuvchilardan mablagʻlar oʻtkazilishiga erishgan.

Shu bilan birga, guruh aʼzolari savdo platformasida oʻzlarini goʻyoki mahsulot yetkazib beruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtkazgan. Mahsulot yetkazib berishni talab qilgan yoki “ustingizdan shikoyat qilaman” deya norozilik bildirgan ayrim xaridorlarga ataylab juda arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mutlaqo mos kelmaydigan mahsulotlar yuborgan. Bu yoʻl bilan jabrlanuvchilarning eʼtibori chalgʻitilib, ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitlarini toʻliq oʻzlashtirishga erishilgan. Mablagʻlar oʻtkazib boʻlingach, koʻp hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa butunlay uzib qoʻyilgan.

Tekshiruvlar davomida “Alhikma Ilm”, “Aksiya Tech Shoop” va “Grandbook” MCHJlar orqali Chilonzor tumanida tashkil etilgan “kiberbunker”da 16 nafar operator faoliyat yuritgani, ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn doʻkonlar nomidan yuzlab fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, dastlabki tergovga qadar 50 nafar fuqaroning 200 million soʻmdan ortiq mablagʻlarini noqonuniy yoʻl bilan oʻzlashtirgani aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida 22 ta kompyuter jamlanmasi, mobil telefonlar, SIM-kartalar, bank plastik kartalari hamda 2 500 nafardan ortiq fuqarolarning toʻliq qayd etilgan shaxsiy va moliyaviy maʼlumotlari roʻyxatlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Hozirda guruh aʼzolarining respublikaning boshqa hududlaridagi firibgarlik holatlariga aloqadorligini, shuningdek, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash va qoplash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.