Ayni kunlarda Indoneziyada chim ustida xokkey boʻyicha ayollar oʻrtasida Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari uchun saralash musobaqasi boʻlib oʻtmoqda. Quvonarlisi, unda ishtirok etayotgan qizlarimiz muddatidan avval Osiyo oʻyinlariga yoʻllanmani naqd qildi.
Avval xabar berganimizdek, kecha jamoamiz Kambodja ustidan yirik – 8:0 hisobida gʻalaba qozondi. Bu gʻalaba bilan xokkeychi qizlarimiz muddatidan avval Xanchjou-2022 yoʻllanmasiga sazovor boʻldi.
Reglamentga koʻra, aylana tizimda oʻtayotgan litsenzion turnirda kuchli oltitalikka kirgan jamoalar boʻlajak Osiyo oʻyinlarida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi. Shu tariqa, jamoamiz turnir yakunlanishidan 1 tur avval oldinga qoʻyilgan vazifani uddaladi. Xokkeychi qizlarimizning musobaqada qayd etib kelayotgan natijalari quyidagicha:
1-tur: Oʻzbekiston – Gonkong 0:4
2-tur: Oʻzbekiston – Qozogʻiston 0:2
3-tur: Oʻzbekiston – Indoneziya 2:1
4-tur: Oʻzbekiston – Singapur 0:2
5-tur: Oʻzbekiston – Kambodja 8:0
Yuqorida aytib oʻtganimizdek, bugun qizlarimiz Shri-Lanka jamoasi bilan roʻbaroʻ keladi. unda qanday hisob qayd etilishidan qatʼi nazar, sportchilarimiz Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida ishtirok etish huquqini saqlab qoladi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan oy ushbu sport turida erkaklar jamoamiz Tailandda oʻtgan kvalifikatsion musobaqa orqali ilk bor Osiyo oʻyinlari yoʻllanmasiga ega boʻlgan edi. Shu tariqa, Parij-2024 Olimpiadasi uchun litsenzion xarakterga ega boʻlgan Xanchjou-2022da chim ustida xokkey boʻyicha ham erkaklar, ham ayollar jamoalarimiz yurtimiz sharafini himoya qiladi.