China Energy Engineering Corporation transport infratuzilmasi loyihalarida ishtirok etmoqchi

    Transport 15 Iyun 2023 2338

    Transport vaziri Ilxom Maxkamov «China Energy Engineering Corporation» kompaniyasi boshqaruv raisi Sun Xaylyan boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvda tomonlar oʻzaro hamkorlikda transport infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama etdi.

    Kompaniya rahbari Sun Xaylyan mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.

    Kompaniya oʻzining ilgʻor tajribasidan kelib chiqqan holda mamlakatimizda ushbu sohalarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalarda ishtirok etish niyatida ekanligini maʼlum qildi.

    Shuningdek, kompaniya rahbari transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlar malakasini oshirish maqsadida oʻzaro hamkorlikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish zarurligini, bu har ikki tomon uchun birdek manfaatli boʻlishini taʼkidlab oʻtdi.

    Uchrashuv davomida xorijiy mehmonlarga transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar haqida batafsil maʼlumotlar berilib, taqdimotlar oʻtkazildi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida alohida ishchi guruh tuzishga kelishib oldi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.