Dastavval, 2024-yil dekabr oyida Toshkentdan Xo'jakentga yangi elektropoyezd qatnovi yo'lga qo'yilgan edi.
Ushbu tog'li hududni zamonaviy infratuzilma bilan ta'minlash, ko'rsatilayotgan turizm, mehmonxona, transport va boshqa xizmatlar turlari sifatini oshirish orqali aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash hamda xalqimizni ma'nan dam olishlari uchun har tomonlama zamonaviy qulay shart-sharoit yaratish, turizmni rivojlantirish, tashrif buyurayotgan turistlarni xavfsizligini ta'minlash maqsadida ushbu poyezd qatnovi yo'lga qo'yildi. Ushbu poyezd barcha qulayliklarga ega. Tezkor, xonalari shinam, juda issiq hamda nogironligi borlar uchun ham panduslar tashkil etilgan. Eng asosiysi, poyezdda tabiatni tomosha qilish, go'zallikdan zavqlanish va tog' yon bag'irlariga sayohat qilish imkoni mavjud.
“Xo'jakent” va sobiq “Chinor” temir yo'l bekatlarini bog'lovchi transport aloqasini yaratish loyihasiga muvofiq, tajribali temir yo'lchilarning sa'y-harakati bilan Xo'jakentdan Chinorkentgacha 1,5 kilometr masofaga temir yo'l qurildi, shuningdek, “Chinorkent” temir yo'l bekati qurib bitkazildi hamda joriy yil 22-yanvar kuni foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o'tkazilgan tadbirda Transport prokuraturasi, “Toshkent mintaqaviy temir yo'l uzeli” filiali, “O'ztemiryo'lyo'lovchi” AJ rahbariyati, O'zbekiston Respublikasi turizm qo'mitasi boshqarma boshliqlari, faxriylar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari ushbu temir yo'l bekatida yo'lovchilarga yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar. Qisqa vaqt mobaynida bu yerda 150 metr uzunlikda perron hamda soyabon qurib foydalanishga topshirildi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan yo'lovchilar uchun sirg'anishga qarshi plitalar o'rnatildi hamda yo'lovchilar uchun yer osti tunneli barpo etildi.
Ta'kidlash joizki, ayni kunga qadar ushbu hududga keladigan yo'lovchilar elektropoyezdda “Xo'jakent” stansiyasigacha kelib, undan buyog'iga avtobillarga o'tirib kelishar edi. Bu yo'lovchilarga noqulaylik tug'dirardi. endilikda bunday noqulayliklar bartaraf qilindi. Ya'ni Toshkentdan yo'lga chiqqan yo'lovchilar, sayyohlar zamonaviy elektropoyezdda “Chinorkent” temir yo'l bekatiga yetib keladi hamda shu yerning o'zidan bemalol dam olish maskanlariga chiqib ketishlari mumkin.
Zulxumor AKBAROVA