Hujjatda chiqindilarni dastlabki saralash, turlari boʻyicha alohida toʻplash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish, takror foydalanish, shuningdek, koʻp miqdordagi foydali komponentlarga ega boʻlgan maishiy hamda ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash va ulardan takror foydalanishni tashkil etishning huquqiy asoslari belgilanishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, chiqindilar monitoringini yuritish, ularning hosil boʻlish hisobini yuritish, pasportlash, chiqindilar koʻmib tashlanadigan va utilizatsiya qilinadigan joylarning davlat kadastrini yuritishni tashkil etish va amalga oshirish mexanizmini belgilab beruvchi normalar ishlab chiqish ham qonun hujjatidan joy olishi kutilyapti.

Milliy qonunchilikka chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasiga xususiy sektor vakillarini kengroq jalb qilishga qaratilgan choralarni koʻrish, ularga hududlarni biriktirib berish jarayonlarini soddalashtirish hamda ularga teng sharoitlarda faoliyat olib borish imkoniyatlarini yaratish boʻyicha normalar kiritilyapti.

Shuningdek, chiqindilarni chuqur qayta ishlash boʻyicha ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy qilishga imtiyoz va preferensiyalar berishning huquqiy asoslarini mustahkamlash ham nazarda tutilgan, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.