2022-yil 4-oktyabr kuni soat 08:30 larda Chirchiq shahrida joylashgan “MAXAM CHIRCHIQ” AJ korxonasi ishlab chiqarish sexining sintez kolonnasida chaqnash sodir boʻlgani haqida xabar berilgandi.
Aytilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.T.Mirazamaxmudov, Favqulodda vaziyatlar vaziri A.X.Qoʻldoshev, Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Sh.U.Sobirov, Toshkent viloyati va Chirchiq shahar hokimliklari, mutasaddi vazirlik va idoralarning masʼul rahbarlari hamda xodimlari tomonidan zudlik bilan voqea joyiga chiqqan holda chaqnash oqibatlarini bartaraf etish ishlari tashkil etildi.
Chaqnash natijasida ikki nafar ishchi-xodim yengil turdagi tan jarohati olgan va ularning biri shahar shifoxonasiga yotqizilgan. Chaqnash oqibatida kelib chiqgan yongʻin soat 10:00 da toʻliq bartaraf qilindi.
Chaqnash sabablarini oʻrganish hamda kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan zarur chora-tadbirlarni belgilash maqsadida, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.T.Mirzamaxmudov rahbarligida Hukumat komissiyasi tuzilib, belgilangan oʻrganish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.