Vazir tuman maktablarida taʼlim sifati boʻyicha muammolar va ularni bartaraf etish choralari haqida soʻz yuritdi. Joylarda oʻqituvchilarning oʻz ustida ishlashi va malakasini oshirishga katta ahamiyat berilmayotgani taʼkidlandi. Chiroqchi tumani xalq taʼlimi boʻlimi masʼullariga taʼlim sifati past boʻlgan maktablarning muammolarini oʻrganish va kerakli choralar koʻrish boʻyicha topshiriq berildi.

Baʼzi maktablarda oliy maʼlumotli oʻqituvchilarni ishga jalb qilishda muammolar borligi qayd etildi. Ayni damda Samarqand viloyatidan ushbu maktabga 2 nafar oʻqituvchi jalb qilingan. Kelgusida mahoratli oʻqituvchilar maktabda taʼlim sifatini oshirish, yuksak salohiyatli oʻquvchilarni tayyorlashni oʻz burchi deb bilishi lozimligi aytib oʻtildi.

Shundan soʻng, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan 2 nafar oʻqituvchiga “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni va maktab maʼmuriyatiga zamonaviy turdagi televizor va kitob jamlanmasi topshirildi.

Xalq taʼlimi vaziri tomonidan oʻqituvchilarni qiynab kelayotgan muammolarga javob hamda taʼlim sifatini oshirish yuzasidan zaruriy takliflar berildi.