Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi xabar berdi.
Chodakda boʻlib oʻtgan tadbirda mehmonlar hududda faoliyat yuritayotgan bir necha dam olish maskanlari, mehmon uylarini koʻzdan kechirdi.
Tadbir davomida bayramga tuhfa sifatida hududda barpo etilgan yana bitta zamonaviy mehmon uyi foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, hozirgi kunda turistik salohiyati yuqori boʻlgan Chodakka turizm qishlogʻi maqomini berish boʻyicha olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida hozirgi kunda 300 oilaviy mehmon uyi, toʻrtta dam olish maskani, uchta bolalar oromgohi, ikkita xostel, bitta kemping, 30 ta gastronomik turizm obyekti, uzunligi 300 metr boʻlgan toʻrtta osma koʻprik va uzunligi 50 metr boʻlgan shishali osma koʻprik, sunʼiy sharshara, oʻrtacha uzunligi 400 metr boʻlgan osma dor yoʻlidan iborat ekstremal hamda yuzdan ortiq ekoturizm obyektlari faoliyat olib bormoqda. Natijada 1500 dan ortiq mahalliy aholi ish bilan taʼminlangan.
Shu bilan birga Prezidentimizning 2021-yil fevral oyida Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida belgilagan topshiriqlari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi Chodak qishlogʻini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga qaratilgan qaroriga asosan mazkur goʻshada 257 ta loyiha amalga oshirilmoqda.