Ekologiya vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, Samarqand viloyati, Jomboy tumani “Qoramoʻyin” mahallasida yashovchi fuqaro B.Sh. xonadoni yaqiniga bir qanoti yaralangan burgut kelib qolgan.
Fuqaro bu haqda mutaxassislarga murojaat qilgan. Keyin esa bu qush burgutsimonlar oilasiga mansub choʻl burguti ekani aniqlangan.
Choʻl burguti zaif, qisqarib borayotgan tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobi, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi Qizil roʻyxati va CITESning II Ilovasiga kiritilgan. Dunyodagi populyatsiyasi kamayib bormoqda, ayni paytda 100-400 mingtani tashkil qiladi.
Mazkur qush Jomboy tuman Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boʻlimi davlat inspektorlari tomonidan Zarafshon milliy tabiat bogʻining reabilitatsiya markaziga maxsus tibbiy koʻrikdan oʻtkazish maqsadida topshirildi.
Choʻl burguti tez orada tabiat bagʻriga qoʻyib yuboriladi.