Tarixga nazar solsak, Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning tugʻilgan yili turli manbalarda turlicha berilganiga guvoh boʻlamiz. 1987-yili “Yoshlik” jurnalining 10-sonida Choʻlponning turkum sheʼrlari “Adabiy meros” ruknida chop etiladi. Unga munaqqid Ozod Sharafiddinovning maqolasi ilova qilinadi. Ushbu maqolada “Choʻlpon 1883-yil Andijonda savdogar oilasida tugʻilgan”, degan maʼlumot beriladi. 1988-yilda “Kecha va kunduz” asarining “Sharq yulduzi”dagi qayta nashriga yozilgan kirish soʻzida esa Ozod Sharafiddinov yangi maʼlumot beradi: “Uning ijodi Oktyabr revolyutsiyasidan oldin – 1913-yilda boshlangan edi. U birinchi asarlarini eʼlon qilganida 20 yoshga toʻlgan, yosh boʻlsa-da, ancha mukammal bilimga ega boʻlgan bir yigit edi”. Hisoblansa, bundan endi 1893-yil kelib chiqadi. Choʻlponning 1991-yilda chop etilgan “Yana oldim sozimni” toʻplamiga yozgan soʻzboshida olim: “Soʻnggi yillarda paydo boʻlgan maqolalarda Choʻlponning tugʻilgan yili 1883, 1893, 1896, 1897, 1898-yillar deb har xil koʻrsatiladi”, deb yozadi.

1988-yil chop etilgan “Bahorni sogʻindim” toʻplamiga olim Ibrohim Haqqul soʻzboshi yozadi. Unda Choʻlponning tugʻilgan yili 1893-yil deb qayd etilgan. 1990-yilda chop etilgan “Fidoyilar” toʻplamidan joy olgan E.Karimov maqolasida Choʻlpon 1897-yilda tugʻilgan deb yozilgan. Adabiyotshunos Naim Karimov 1991-yilda chop qilgan “Choʻlpon” nomli risolasida “Choʻlpon V.Yan bilan qilgan suhbatida ham, NKVD qamoqxonasida maxsus anketalarni toʻldirganida ham oʻzining 1897-yilda tugʻilganini tasdiqlaydiki, bu soʻnggi sana bevosita Choʻlpon tomonidan aytilgani va yozib qoldirilgani tufayli biz uchun moʻtabar maʼlumot boʻlib qoladi”, deb taʼkidlagan.

Sobir Mirvaliyev va Rixsiya Shokirova tomonidan tayyorlanib, 2016-yili chop etilgan “Oʻzbek adiblari” kitobida Choʻlponning tavallud sanasi 1898-yil deb qayd etilgan.

Qarangki, turli manbalarda Choʻlponning tugʻilgan sanasi turlicha berilyapti. Shu bois Adiblar xiyobonidagi haykalga ham yodgorlik ijodkorlari tomonidan maʼlum muddat mobaynida rasman eʼtirof etilgan sana – “1893-yil” bitilgan.

Professor Dilmurod Quronovning “Sharq yulduzi” jurnalining 2018-yil 10-sonida eʼlon qilingan “Choʻlponning tugʻilgan yili” nomli maqolasidagi faktlarni umumlashtirib, xulosa qiladigan boʻlsak, Choʻlponning 1897-yilda tugʻilgani haqidagi maʼlumotlar haqiqatga yaqinroq.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bu masala boʻyicha hamkor tashkilotlar bilan bogʻlanib, “1893-yil” sanasini “1897-yil” sanasi bilan almashtirish maqsadga muvofiq ekanini bildirgan edi. Bugun Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi mutaxassislari tomonidan ushbu oʻzgartirish amalga oshirilganini maʼlum qilamiz.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati