“Chorsu“ bozorida hech qanday hujjati boʻlmagan sifatsiz jigar mahsuloti savdodan olindi — Sanepidqoʻmita

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi “Chorsu“ bozorida hech qanday hujjati boʻlmagan sifatsiz jigar mahsulotlari sotilayotganligi boʻyicha xabarlar tarqaldi.

    Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasining xabar berishicha, holat boʻyicha Shayxontohur tuman boʻlimi mutaxassislari, IIB va bozor maʼmuriyati bilan oʻrganish ishlari olib borilgan.

    Oʻrganish ishlari davomida fuqarolarga ajratilgan yoʻlakda sanitariya qoidalariga zid ravishda, hech qanday hujjatsiz goʻsht mahsuloti (jigar) sotilayotgani maʼlum boʻldi. Shu sababli 9 kg jigar mahsuloti savdodan olinib, oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilish choralari koʻrildi.

    Qayd etish kerakki, Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida” gi qonuniga muvofiq, barcha chorvachilik obyektlarining, kushxonalarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xomashyoni qayta ishlovchi korxonalarning, kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xomashyoni realizatsiya qiladigan va saqlaydigan savdo shoxobchalarini veterinariya-sanitariya holatini nazorat qilish va ekspertizasini amalga oshirish Veterinariya boshqarmalarining vazifasiga kiradi.

    Shu sababli bozor rastalaridan goʻsht va goʻsht mahsulotlari xaridini amalga oshirayotganingizda mahsulot sifatini tasdiqlovchi veterinariya-sanitariya ekspertiza xulosalari borligini soʻrashni unutmang, — deyiladi xabarda.