"Chorsu" metro bekati kirish qismini suv bosgach, Toshkent shahri hokimligi avtoturargohlar qurilishida to‘sib qo‘yilgan drenaj tizimini tiklashni boshladi. Yog‘ingarchilik hisoblangan miqdordan ikki baravar kam bo‘lishiga qaramay, tizim suvni nazorat qila olmadi. Shahar hokimi voqea joyiga ikki marta kelib ketdi.
Toshkentdagi "Chorsu" metro bekati kirish qismini suv bosishiga 3 may kuni yomg‘ir paytida irrigatsiya-drenaj tarmoqlarining yopilishi asosiy sabab bo‘lgan. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati roligida hokimlik drenaj va kollektor tizimlari boshqarmasi muhandisi Farhod Najmiddinov ma’lum qildi.
"O‘zboshimchalik bilan yopib qo‘yishgan: avtoturargohlar, yo‘laklar qurishgan-u, ular (irrigatsiya tarmoqlari) to‘silib qolgan. Ilgari bunday muammo yo‘q edi, chunki irrigatsiya tarmoqlari normal holatda edi", — dedi mutaxassis.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi drenaj tizimi sutkasiga 20 mm yog‘ingarchilikka mo‘ljallangan bo‘lib, yakshanba kuni ikki soat davom etgan yomg‘irda 12 mm yog‘in yog‘gan. Ammo bu ham ko‘chalarda suv to‘planishiga sabab bo‘lgan.
Farhod Najmiddinov ma’lum qilishicha, bunday holatlarning oldini olish maqsadida 36 km irrigatsiya va drenaj tarmoqlarini qamrab olgan master-reja ishlab chiqilgan.
Uning aytishicha, shahar hokimi Shavkat Umurzakov vaziyatni o‘rganish uchun hodisa joyiga yakshanba va dushanba kunlari borgan.
Hozirda yopib qo‘yilgan drenaj tizimini tozalash va yangi tarmoqlarni yotqizish ishlari olib borilmoqda.