Davlat xizmatlari agentligi tizimida ham joylarga chiqqan holda fuqarolarini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish va uni tegishliligi boʻyicha bartaraf etish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, mahalla fuqarolar yigʻini va umumtaʼlim maktablarda uchrashuv va muloqotlar oʻtkazib aholi va tadbirkorlik subyektlarining muammolarini ijobiy hal etishga koʻmaklashilmoqda.

Chortoq tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari tumandan uzoqda joylashgan aholi xonadonlarini uyma-uy yurib davlat xizmatlari sohasiga oid murojaatlarni oʻrganish asnosida fuqarolarni xizmatlardan foydalanishda qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani yuzasidan soʻrovnoma oʻtkazdi.

Aniqlanishicha, tumandan 30-40 kilometr uzoqlikdagi aholi markaz tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlardan foydalanish uchun ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflayotgani ochiqlandi. Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida Chortoq tuman davlat xizmatlari markazi filiali Baliqkoʻl mahallasida ochildi. Mazkur filial 13 ta mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi 53 mingdan ziyod aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatadi.

Baliqkoʻlda ochilgan filial shundoqqina Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohini yonginasida joylashgan. Endi mazkur qadamjoga tashrif buyurgan ziyoratchilar ham davlat xizmatlariga ehtiyoj sezsa tuman markaziga bormay mahallaning oʻzida foydalanishi mumkin.

Filialga birinchi boʻlib Baliqkoʻl mahallasidagi maktabgacha taʼlim tashkilotida faoliyat olib borayotgan Nargiza Toʻlaboyeva murojaat qildi. Uning aytishicha, yil davomida davlat xizmatlari markaziga borib oʻzining vaqtini va ortiqcha mablagʻini sarf qilgan.

Yana bir fuqaro Mirzoxid Noʻmonov oʻzining tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyganiga bor yogʻi bir hafta boʻldi. U qisqa vaqt davomida 5 ta yangi ish oʻrnini yaratdi. Davlat xizmatlari markaziga bormay oʻzi va ishchilarining hujjat ishlarini mahalladagi filialda hal etilishi unga kuch va gʻayrat bagʻishladi. Kelgusida yana 10 ta yangi ish oʻrni yarataman, deydi tadbirkor.

Yangi ochilgan filial kunning ikkinchi yarmidayoq 15 nafar fuqaroning uzogʻini yaqin boʻlishiga koʻmaklashdi. Endilikda haftaning uch kunida Baliqkoʻl va unga yondosh mahallalardagi aholi davlat xizmatlaridan oʻzlariga yaqin boʻlgan hududda ochilgan filialdan foydalanishlari mumkin.