Chorvachilik ham ilm-fan tufayli rivojlanadi

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 27-oktyabr sonida Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari Muhiddin Roʻzimurodov hamda Samarqand viloyati hududiy innovatsion rivojlanish boshqarmasi boshligʻi Nurmuhammad Mardonovning “Chorvachilik ham ilm-fan tufayli rivojlanadi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Hozir yurtimizda qishloq xoʻjaligining ishlab chiqarish tarmogʻi jadallashayotgan bir paytda chorva mollari va parrandalar salomatligini muhofaza etish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

    Shu tufayli hayvonlar va parrandalarni yuqumli kasalliklarga qarshi rejali maxsus emlash va tashxislash zarurati ortyapti. Oʻz navbatida, muntazam diagnostika va emlash tadbirlari qishloq xoʻjaligi hayvonlariga xos yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun yetarlicha sifatli vaksinalar, diagnostika va boshqa vositalarning mavjudligiga bogʻliq.
    Ayni paytda veterinariya dori vositalari asosiy assortimentining 90 foizidan koʻprogʻini tijoratdagi dori-darmonlar tashkil etib, ularsiz mamlakatning epizootik va epidemik barqarorligini saqlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish, karantin hududiga kiruvchi va oʻta xavfli hayvonlar, parrandalarda profilaktika tadbirlarini oʻtkazish, sogʻliqni saqlashning boshqa choralarini tashxislash mumkin emas.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi “Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizlik tizimini takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganidan soʻng mamlakatimizda sohaga taalluqli ilmiy-tadqiqot muassasalarining roli sezilarli darajada oshdi.

    Innovatsion rivojlanish vazirligining muvofiqlashtiruvchi roli tufayli iqtisodiyotning turli tarmoqlarida fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi taʼminlanib, ilgʻor biotexnologiyalar amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatida ham davr talabiga hamohanglik oʻz ifodasini topmoqda.

    Institut xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan 45 dan ortiq patentlangan ixtiro, 200 dan ortiq tavsiya, yoʻriqnoma, qoʻllanma, metodik koʻrsatma, ishlab chiqarish reglamenti, tashkilot standartlari chorvachilik sohasiga izchil tatbiq etilyapti. Boy ilmiy tajriba va salohiyatga ega institut jamoasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taklif etilgan startap loyihalarda mavjud ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga jadal joriy etish tashabbusini faol qoʻllab-quvvatlamoqda.

    Startap loyihalarni joriy etish shunisi bilan ham foydaliki, bunda daromad manbaini topish uchun biznesni ilmiy muhitga jalb qilish qisqa vaqtda oʻzini oqlaydi. Chunki loyihalarning asosiy vazifasi ilgaridan maʼlum boʻlgan daromad olish va uni amalga oshirish usuli bilan biznesni kengaytirish hisoblanadi.

    Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti 2019-yilda birinchi marta “BIBINOR” MCHJ bilan hamkorlikda 930 million soʻmlik startap loyihasini amalga oshirishda ishtirok etdi. Ishlab chiqarish maydonchasi yaratildi. Vaksinalar, veterinariya tibbiyotida qoʻllanadigan klassik usullarga oid diagnostikumlar ishlab chiqarish uchun zamonaviy uskunalar keltirildi. Jumladan, startap loyihalar yordamida uchta ishlab chiqarish va uchta etalon referent shtamm seleksiya qilinib, roʻyxatga olindi hamda “Hayvonlar mikroorganizmlarining milliy kolleksiyasi”ga kiritildi.

    Hamkorlikni rivojlantirish uchun 2021-yilda Oʻzbekiston — Rossiya “UNIGEN” MCHJ QK kompaniyasi bilan birgalikda Innovatsion rivojlanish vazirligiga umumiy qiymati 2 milliard 170 million soʻmlik uchta ariza kiritildi. Shu asosda immunoferment tahlil uchun toʻplam va reagentlar ishlab chiqarish uchun maydoncha tashkil etilib, bu borada amaliy ishlar boshlandi. Bundan tashqari, hayvonlar kasalliklarini tashxislash va oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini nazorat qilishga oid immunoferment tahlil va ekspress-test tizimlari uchun zamonaviy toʻplamlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bugun ishlab chiqarish maydonchasi zarur qimmatbaho uskunalar bilan taʼminlanmoqda.

    Mamlakatimizda oʻzbek veterinariya ilm-fanini rivojlantirish, mahalliy, jumladan, yangi avlod immunobiologik preparatlarini ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu oʻrinda iqtisodiy foyda olish uchun kuchli istak, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishni kelgusida ham davom ettirish, ishlab chiqarishni kengaytirish asosiy omil hisoblanadi. Bularning barchasi, oʻz navbatida, olimlarni qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish hamda ilmiy faoliyatga qiziqqan yosh mutaxassislarni jalb qilish uchun sharoit yaratadi.

    Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti Innovatsion rivojlanish vazirligi, jumladan, uning Samarqand viloyatidagi hududiy boshqarmasi bilan hamkorlik qilishni rejalashtirgan. Shu maqsadda veterinariyaning dolzarb yoʻnalishlari va chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun yana uchta startap loyiha tayyorlanmoqda.