Mamlakatimizda xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlab, iqtisodiy samaradorlikni ko'paytirish maqsadida ko'plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev neft`-gaz kimyo sanoatidagi istiqbolli loyihalar holatiga oid taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda bildirilgan fikrlar yuzasidan mutasaddilar o'z munosabatlarini bildirdi.
Shuhrat VAFOEV,
O'zbekiston Respublikasi investisiyalar va tashqi savdo vaziri o'rinbosari:
— Yig'ilishda mutaxassislar gaz-kimyo sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, sohada olib borilayotgan ishlar to'g'risida hisobotlarini taqdim etdi.
Xomashyo bazasini mustahkamlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar tannarxini tushirib, ichki va tashqi bozorda raqobatdoshligini oshirish bo'yicha muhim topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz yana bir marta davlat organlari va davlat xizmatchilari xalq manfaatidan kelib chiqib ishlashi kerakligini alohida ta'kidladi. Xalq manfaatini ta'minlashda avvalambor yangi ish o'rinlari yaratishga e'tibor qaratish zarur. Bu ish o'rinlari maoshi yuqori va zamonaviy bo'lishi lozimligi ta'kidlandi. Bugungi kunda gaz-kimyo, tabiiy gazni qayta ishlash sohasida 50 ta loyiha amalga oshirilishi ko'zda tutilmoqda. Uning 13 tasi bo'yicha aniq investorlar bor. Ularning ayrimlari investitsiya ham kiritgan. Qolganlarini jalb qilish maqsadida muzokaralar olib borilmoqda. Yana 12 ta loyiha bo'yicha texnik-iqtisodiy asoslar tayyorlangan va bu bo'yicha investorlar bilan ish olib borilmoqda.