“Qayga bormay, boshda doʻppim, gʻoz yurarman gerdayib”, deganida sevimli shoirimiz Erkin Vohidov milliy bosh kiyimimizga qanchalar haqli bino qoʻyganini hamisha azizu mukarram doʻppilarimizga boqib koʻzimiz quvnaganida yana bir karra his qilib, gʻururlanamiz. Ikki oʻrim sochning ustiga nozik qoʻnib, zulflar husniga husn qoʻshgan iroqi doʻppilar qizlarimizga zeb bersa, qalampir gulli, bodom gulli, toshkent doʻppi, chust doʻppi, andijon doʻppilar yigitlarimizni asl beklarday bezaydi.
Doʻppi, ayniqsa, yigit kishining hayotida yorqin iz qoldiradigan qadrli, tabarruk bosh kiyim. Tafakkur yuritsak, bunga izoh joiz emas. Bilasizmi, oʻgʻil bola hayotida doʻppi bilan bogʻliq ilk xotiralar oʻsha sunnat qildirish marosimi, xatna toʻyi bilan boshlanadi. Keyin esa ular boʻy yetib, uylangan kuni yaxshi niyatlar bilan atab olingan kuyovlik doʻppisi, ota boʻlgach, oʻgʻil uylab yoki qiz chiqarganida kiyilgan qudalik doʻppilari bilan yana-da goʻzallashadi. Mana shu holatlarda kiyilgan doʻppilarning hammasi yigit kishi hayotining eng baxtli onlariga xizmat qiladi.
Shahrixonlik doʻppidoʻz Yorqinoy Toʻychiyeva vodiyu vohani doʻppi bilan taʼminlayotgan qoʻli gul hunarmandlardan. Yorqinoy opa 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida davlat mukofotiga sazovor boʻldi.
- Prezidentimizning bizga boʻlgan eʼtiboridan goʻyo yasharib ketgandek boʻldim, toʻgʻrisi, — deydi opa. — Axir “Mehnat shuhrati” ordeni mehnatimizga berilgan yuksak mukofot-ku. Hunarimni bundan-da keng yoyishim, shogirdlar safini yana-da kengaytirishim kerakligini chuqur his qilib, buyogʻiga charchashga haqqim yoʻq, degan qatʼiyatni dilimga tugdim.
Dil tubidan, samimiyat ila aytilgan bu gaplar salkam yarim asrlik faoliyati davomida 300 dan ziyod shogirdni kamolga yetkazgan, 20 nafar ayolni doimiy ish bilan taʼminlagan doʻppidoʻzning bu hunar rivojiga yana-da faol yondasha boshlaganiga bir ishora boʻldi. Doʻppidoʻzlar sulolasining beshinchi avlodi boʻlgan Yorqinoy opa Shahrixonning oʻziga xos, faqat ipak bilan tikiladigan sirgʻa gulli doʻppisini oʻz shogirdlari — qizlari, kelinlari, nabiralari bilan birgalikda nozik did sohiblariga yetkazib beryapti. Shu oʻrinda eʼtirof etish joizki, Andijonning Shahrixonidagi har ikki xonadonning biri yo doʻppidoʻzlik, yo toʻn tikish, yoki pichoqchilik, qoʻyingki, hunarmandchilikning qaysidir turi bilan mashgʻul.
— Bu ham tirikchilik, ham eng savobli, sharafli ish, — deya doʻppining xosiyatiga alohida urgʻu berdi opa. — Nega desangiz, umra, haj ziyoratlariga ketayotganlar ham doʻppilarimizdan xarid qilganlarida koʻzimga yosh keladi. Qoʻl mehnatimiz tabarruk joylarga aziz boshlarga koʻtarilgancha yetib boryaptimi, oʻzimiz ham bir kun, albatta, yetib boramiz, deb quvonaman.
Opaning oʻz ustida tinimsiz ishlashi, innovatsiyaga intilishi samarasi oʻlaroq, endilikda humo qushi tasviri tushirilgan doʻppilar ham urfga aylanib ketsa ajab emas! Negaki, hunarmand ustaning aytishicha, namuna uchun tikilgan ana shu koʻrinishdagi bita doʻppi havasmand bir xaridor tomonidan yaxshi niyat bilan sotib olingan. Demak, humo gulli innovatsion doʻppining bozori chaqqon boʻlishiga, el orasida tez urfga aylanishiga shubha yoʻq. Zero, humo qushining boshimiz uzra qanot yoyishi baxtimiz nishonasi ekanini xalqimiz yaxshi biladi.
Ayni paytda Yorqinoy opa va shogirdlari tomonidan yangi uslubdagi doʻppilarni ilk namunasidan ham nafisroq tikish ustida ish olib borilyapti.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, pandemiya xalqimizni har tomonlama sinovdan oʻtkazish bilan bir qatorda azaldan tinib-tinchimas, zahmatkash bobo dehqon, qoʻli gul hunarmandlarning davomchilari ekanimizga shukrlar keltirishga ham chogʻladi. Negaki, butun dunyo ahli davomli karantin talablaridan ozurda boʻlib, anʼanaviy turmushga qaytish uchun qonunbuzarliklarni-da amalga oshirayotgan bir paytda aksariyat yurtdoshlarimiz ota-bobosidan meros hunarini bir on qoʻymadi. 60 foizi qishloqlarda istiqomat qiladigan aholimiz kaftdekkina boʻlsa-da, oʻz tomorqasida loaqal oilasi ehtiyojini yaratish bilan andarmon boʻldi. Kulollik, yogʻoch oʻymakorligi, kashtadoʻzlik, zargarlik, doʻppidoʻzlik kabilar bilan mashgʻul boʻlganlar esa eng ogʻir sinovli kunlarda ham “Uyda qoling” shioriga shundoq ham risoladagidek amal qildi. Shu bilan birga, dono xalqimizning oʻzi yaratgan “Hunar — hunardan rizqing unar” maqolining mazmunini hunarmandlarimizning oʻzlari ham pandemiya davrida yana-da chuqurroq his etdilar, desak xato boʻlmaydi. Ayniqsa, oilasi, farzandlari tarbiyasi bilan bir paytda oʻz ishini ham toʻxtatmagan Yorqinoy opa kabi hunarmand ayollarimizni butun dunyo ayollariga ibrat qilsa arzigulik!
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri