Otasi Xoja Mir Abdulloh boʻlib, u ashtarxoniy Abdulazizxon (1645-1681) va Subhonqulixon (1681-1702) davrida yashagan. 1711-yil Ubaydullaxon oʻlimidan keyin Buxoro xonligi taxtiga 10 yoshlar atrofidagi Abulfayzxon oʻtirgan. Ashtarxoniylar sulolasining amaldagi soʻnggi hukmdori boʻlgan mana shu shahzoda Sitorai Mohi Xossa xonimning oʻgʻli edi.

«Zamon Bilqisi» Sitorai Mohi Xossa xonim Subhonqulixonning xotini boʻlib, ulardan ashtarxoniylarning soʻnggi hukmdorlari – Ubaydullaxon hamda Abulfayzxonlar dunyoga kelgan. Sadri Ziyo(1865-1932)ning Boloyi hovuz majmuasining qurilishi xususida bergan quyidagi maʼlumoti eʼtiborga molik: «Boloyi hovuz xonaqohi, atrofida tahoratxona va hujralari bor. Uni Mir Abdullaxoʻjaning qizi, Subhonqulixonning xotini, xon shahid (Abulfayzxon – A.Z.)ning onasi Bibi Oyposhsha (Sitorai Mohi Xossa – A.Z.) qurdirgan» (Tarixi asori atiqa).

Endi asosiy masala Amir Olimxonning yozgi saroyi (Sitorai Mohi Xossa) va Boloyi hovuz madrasasi nega bitta nom bilan atalib qolishidadir. Avvalo, Sitorai Mohi Xossa saroyining sohiblari Amir Abdulahad ushbu maʼrifat olami malikasining yettinchi, Amir Olimxon esa sakkizinchi avlodi hisoblanadi.

U nasl-nasabda Amir Olimxon (1910-1920) ibn Amir Abdulahad (1885-1910) ibn Amir Muzaffar (1860-1885) ibn Amir Nasrullo (1827-1860) ibn Amir Haydar (1800-1826) ibn Shamsiyabonu binti Abdumoʻminxon ibn Abulfayzxon ibn Oyposhsho bibi (Sitorai Mohi) koʻrinishida Sitorai Mohi Xossa xonimga borib ulanadi. Demak, Amir Olimxon oʻz yozgi saroyi nomini oʻtmishdagi maʼrifatpar momokaloni nomi bilan atagan. Shuningdek, XIX asrdagi mangʻit hukmdorlari hayoti bilan bogʻliq baʼzi marosimlarning Boloyi hovuzda oʻtkazilishi ham, balki shundan dalolatdir.

Qurilishi qadimiyroq boʻlgan Sitorai Mohi Xossa madrasasi nomi unutilishining bitta sababi mavjud. Bu joy oʻsha davrlardayoq Boloyi hovuz deb atalgan ikkinchi nomi bilan ham koʻproq mashhur edi. Bu nom keyinchalik Sitorai Mohi Xossa nomini oʻz soyasida qoldirgan.

Buxoroda Sitorai Mohi Xossa xonim kabi xalq ravnaqi, mamlakat obodligi, taraqqiyoti gʻamida oʻrnak boʻlarli ishlarni amalga oshirgan ayollar kam emas. Ularning har biri millat qalbining betakror ifori, shu yurt oʻtmishining bezagidir.