Coʻnggi 8-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 38 foizga oshdi

    2024-yilda ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasi hajmi esa 4,9 milliard kVt/soatni tashkil etdi.

    Qayd etilishicha, 2017-yildan 2024-yilgacha boʻlgan davrda sohasining normativ-huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, 8 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining 90 tadan ortiq hujjatlari qabul qilindi.

    Mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish 38%ga oshib, 2016-yildagi 59 mlrd kVt/soatdan 2024-yilda 81,5 milliard kVt/soatga yetdi. Shu bilan birga, aholi jon boshiga toʻgʻri keluvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 18%ga oshib, 2200 kVt/soatga yetdi. Oxirgi yetti yilda 11 ming MVt yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, bu oʻtgan 25-yildagi energiya hajmidan 3 barobar koʻp.

    2017-yildan 2024-yilgacha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 55%ga oshdi, shu bilan birga ishlab chiqarish birligiga energiyasi sarfi 7,4%ga kamaydi. Iqtisodiyot kamroq energiya xarajatlari bilan ishlay boshladi. Sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi resurslardan yanada oqilona foydalanishga oʻtdi.

    Shuningdek, 54,8 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 17,2 mingta transformator stansiyalari modernizatsiya qilindi. Natijada, mamlakatimiz boʻyicha 8 mingdan ortiq mahallaning elektr taʼminoti yaxshilandi. Taqqoslash uchun, 1991-yildan 2016-yilgacha atigi 9,3 ming km elektr uzatish tarmoqlari va 4,8 mingta transformator yangilangan.

    Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2024-yil yakuniga qadar Oʻzbekistonning 10 ta viloyatda umumiy quvvati 4,1 ming MVt boʻlgan 14 ta quyosh va 3 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. 2024-yilda ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasi hajmi 4,9 milliard kVt/soatni tashkil etdi