COP-29: “Masdar” kompaniyasi Oʻzbekistonda shamol elektr stansiyasini quradi

    Mazkur elektr stansiya qurilish jarayonida 600-800 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 3,5 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning evaziga 1 milliard kub metr tabiiy gaz zaxiralari tejaladi.

    Ozarbayjonning Boku shahrida boʻlib oʻtayotgan COP-29 anjumani doirasida Oʻzbekiston Energetika vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi oʻrtasida Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida quvvati 1000 MVt boʻlgan shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha shartnoma imzolandi.

    Mazkur elektr stansiya qurilish jarayonida 600-800 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 3,5 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning evaziga 1 milliard kub metr tabiiy gaz zaxiralari tejaladi.

    Loyiha Oʻzbekiston uchun nafaqat iqtisodiy foyda, balki atrof-muhit himoyasi uchun ham katta ahamiyatga ega.
    Mazkur shamol elektr stansiyasini qurish orqali atmosferaga chiqariladigan chiqindilar yiliga 1,4 million tonnaga kamayadi.

    Ushbu shamol elektr stansiyasi hamkorlikning yangi bosqichi boʻlib, u Oʻzbekistonga energetika xavfsizligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda iqtisodiy oʻsishni taʼminlash imkoniyatini beradi.

    BAAning “Uch baravar koʻp qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish” tashabbusi bilan birgalikda, yurtimiz dunyo miqyosida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashishga qaratilgan harakatlarga qoʻshiladi.

    Oʻzbekiston, oʻz navbatida, Parij shartnomasi maqsadlarini qoʻllab-quvvatlaydi va qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi global hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilgan.