Tomonlar Oʻzbekiston hukumati tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, bozor tamoyillariga asoslangan ochiq iqtisodiyotni yaratish, inson huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatda majburiy mehnat amaliyotini bartaraf qilish boʻyicha erishilgan yutuqlarni har tomonlama muhokama qildilar.

Xorijiy delegatsiya Oʻzbekiston tomonidan ushbu sohalarda erishilgan muvaffaqiyatni, xususan, 2021-yilda Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiar maqomini olishi va Buyuk Britaniyaning “GSP Enhanced framework” Preferensiyalar Bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasiga qoʻshilishi, shuningdek, mamlakatda tizimli majburiy mehnatga barham berilishini eʼtirof etdi.

Mehnat sohasida huquqbuzarliklarini monitoring qilish va oldini olish samaradorligini oshirish, shuningdek, mehnat huquq va erkinliklarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, fuqarolik jamiyati vakillari, fermer xoʻjaliklari va paxta klasterlari rahbarlari bilan faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani alohida taʼkidlandi.

Tomonlarning fikriga koʻra, ushbu chora-tadbirlar mamlakatda masʼuliyatli yetkazib beruvchilar va ish beruvchilar sonini koʻpaytirishga va ularning xalqaro taʼminot zanjirlariga qoʻshilishiga samarali yordam beradi. Umuman olganda, bu Oʻzbekistonning hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada chuqurlashtirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, mahalliy korxonalarda korporativ ijtimoiy javobgarlik tamoyillarini joriy qilish, paxta klasterlari va fermer xoʻjaliklarini ishlab chiqarishda energiya tejaydigan va suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishga undash, shuningdek, tegishli xalqaro tashkilotlar bilan ushbu sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻllarini koʻrib chiqdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.