Uchrashuv davomida AKT vaziri tomonidan Oʻzbekistonda boʻlayotgan islohotlar, xususan, taʼlim, AKT sohasida qilingan va qilinishi kerak boʻlgan ishlar xususida maʼlumotlar berildi.

Uzbekcoders.uz platformasida BAA bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Bir million dasturchi” qoʻshma loyihasining mantiqiy davomi sifatida endi haqiqiy mutaxassis boʻlib oʻqishni davom ettirmoqchi boʻlganlarga “Coursera” bilan xalqaro darajada oʻqitib sertifikatsiyalash imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.

Ushbu kurslarni bitirgan va sertifikatni qoʻlga kiritgan yoshlarning IT kompaniyalarda yuqori daromadli ishlarga qabul qilinishlariga yoki frilans orqali buyurtmalar olishlariga kengroq yoʻl ochiladi.

IT sohasidagi mutaxassislarga dunyoda talab ortib borayotgani sababli ushbu sohada yoshlar qunt bilan oʻqib, yaxshi mutaxassis boʻlsa, ular bemalol oʻz yurtida yashab, iqtisodiy rivojlangan davlatlarga xizmatlarini eksport qilib, yuqori daromad topa oladi, keyinchalik esa oʻz startapini rivojlantirishi ham mumkin boʻladi.

Uchrashuv davomida kompaniya vakillari bilan platforma orqali BPO xizmatlari uchun ham kurslar tashkil etish va ulardan foydalanish imkoniyatlari haqida ham gaplashildi.

Shuningdek, kelajakda ikkala tomon uchun ham manfaatli boʻladigan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib olindi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.