— Vaksinalar qanday ishlaydi?

— Vaksinalar tananing tabiiy immuniteti bilan birgalikda himoya tizimini yaratib, kasallik yuqish xavfini kamaytiradi. Vaksina inson tanasiga yuborilgandan keyin immunitet tizimi bunga javob bera boshlaydi. Yaʼni immunitet tizimi tanaga kirgan “agent”ni aniqlaydi (virus yoki bakteriya) va shundan soʻng antitanachalar ishlab chiqara boshlaydi.

Antitanachalar – bu kasallik bilan kurashish uchun organizmning immunitet tizimi tomonidan tabiiy ravishda ishlab chiqariladigan oqsillardir. U kasallik bilan qanday kurashish kerakligini eslab qoladi. Agar inson kelgusida mikrob taʼsiriga qayta uchrasa va oʻzida kasallik alomatlarini his qilsa, immunitet tizimi uni tezda yoʻq qilishga kirishadi.

Bir soʻz bilan aytganda, vaksina tanada kasallikka qarshi immunitetni ishlab chiqishga koʻmak beruvchi xavfsiz va samarali vosita sanaladi.

— “COVID-19”ga qarshi vaksinatsiya oʻzi nima uchun kerak?

— Mutaxassislarning fikriga koʻra, aholining 60-70 foizida koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni shakllantirmay turib, unga qarshi samarali kurashib boʻlmaydi. Shu maʼnoda aytsak, “COVID-19”ga qarshi emlash pandemiyani jilovlovchi yagona samarali omil hisoblanadi.

Toʻgʻri, niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish va jamoat joylariga borishdan oʻzini tiyish kabi profilaktik chora-tadbirlar virus yuqishi yoki uni boshqalarga yuqtirish ehtimolini kamaytirishda samarali amal sanaladi, biroq bu choralar pandemiyani jilovlash uchun yetarli emas.

Vaksinalar inson immun tizimini mustahkamlab, yuqishi mumkin boʻlgan viruslarga qarshi kurashishda faol ishtirok etadi. Emlash orqali nafaqat oʻzimiz, balki atrofimizdagilarni ham kasallik yuqishidan himoya qilamiz.

—“COVID-19”dan davolangan kishi unga qarshi emlanishi shartmi?

— Ha. Pandemiya xavfi saqlanib qolayotgani va koronavirus infeksiyasi bilan qayta kasallanish ehtimolining yuqoriligi sababli, ushbu virus bilan avval kasallangan boʻlishingizdan qatʼi nazar, emlanishingiz shart.

Chunki emlashdan keyingi “orttirilgan immunitet muhim hisoblanadi. Yaʼni tabiiy va «COVID-19”ga qarshi emlash natijasida hosil boʻlgan orttirilgan immunitet kasallikka qarshi kuchli himoyani shakllantiradi.