Kuni kecha Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanida ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan jami 37 nafar bemor nazoratga olingan va yuqumli kasalliklar boʻlimiga davolanish uchun yotqizilgan.

Ulardan 17 nafarida qayt qilish, ich ketishi, tana harorati koʻtarilishi kabi kasallikning klinik belgilari namoyon boʻlgan. Qolgan 20 nafarida esa biroz holsizlik va koʻngil aynishi kuzatilgan va ambulator ravishda davo muolajalarini olish uchun hududiy poliklinika nazoratiga yuborilgan.

Ayni paytda shifoxonada davolanayotgan 17 nafar bemorning holati stabil. Ularda belgilangan standartlar boʻyicha davo muolajalari davom ettirilyapti. Taomdan zaharlanganlarning barchasi Qoʻrgʻontepa tumani markazida joylashgan “FRESH FOOD” nomli ovqatlanish shoxobchasida fast-fud isteʼmol qilgani aniqlandi.

Zudlik bilan bu korxonaga qarashli 3 ta ovqatlanish shoxobchasi faoliyati vaqtincha toʻxtatildi. Taom tayyorlash xonasi va omborxonadagi mahsulotlardan namuna olinib, Qoʻrgʻontepa tumani sanitariya-epidemiologiya xizmati laboratoriyasiga tekshirish uchun yuborilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi bemorlar salomatligi va sanitariya holatini oʻz nazoratiga olganini maʼlum qildi.