Maʼlum qilinishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tadbir davomida 1992-yilda tugʻilgan ayol savdo sohasida faoliyat yurituvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat ish yurituvchisining ishonchiga kirib, korxonaga tegishli 376,6 million soʻmlik soliq qarzdorligini tanishlari orqali bartaraf qilib berishni vaʼda qilgan. U ushbu “xizmat” evaziga 20 million soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida mazkur noqonuniy holatga Chust tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori ham aloqador ekani aniqlangan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.